Veyk-an-Zeye shahrida poyoniga yetgan “Tata Steel Chess-2026” turnirining “Masters” guruhida 8,5 ochko bilan 2-o‘rinni egallagan Javohir Sindorov 13 ta turda mag‘lubiyatsiz o‘ynagan yagona shaxmatchi nomini oldi.
Bahslar yakunidan so‘ng, mahoratli shaxmatchimiz jurnalistlarning savollariga javob berish asnosida Nodirbek Abdusattorovning 1-o‘rinni egallagani, o‘z natijasi, ushbu yutuqlarning ahamiyati, yaqin kelajakda qaysi musobaqada ishtirok etishi xususida to‘xtalib o‘tdi.
— Niderlandiya musobaqalari biz uchun juda muvaffaqiyatli o‘tdi. Erishgan natijalarimdan xursandman. Ayniqsa, do‘stim Nodirbekning 1-o‘rinni egallashi tarixiy yutuq bo‘ldi. U bunga har jihatdan loyiq edi. Nodirbek to‘rt yildan beri ushbu musobaqada qatnashib, doim ikkinchi yoki uchinchi o‘rinni egallardi, nihoyat turnir g‘olibiga aylandi.
Ushbu yutuqlarimiz ortida O‘zbekistonda biz shaxmatchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilishi, doimiy g‘amxo‘rlik mujassam ekanligini ta’kidlashim lozim. Qolaversa, “Tata Steel Chess”dek yirik turnirda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallashimiz ushbu e’tiborning mahsuli bo‘ldi.
Bevosita o‘zimning partiyalarim haqida gapiradigan bo‘lsam, eng yoqqani germaniyalik Blyubaumga qarshi match. Duranglar ichida esa Gukeshga qarshi partiya. O‘sha o‘yinda pozitsiyam haqiqatan ham yutqazilgandi. Lekin juda yaxshi himoyalandim. U kompyuterdek hujum qildi, ammo men bardosh berdim.
Navbatdagi turnir haqida gapiradigan bo‘lsam, o‘n kundan keyin Germaniyada “Freestyle Chess” bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etaman, – deydi Javohir Sindorov.
Eslatib o‘tamiz, Javohir Sindorov joriy yilning 14-15 fevral kunlari Magnus Karlsen, Levon Aronyan, Fabiano Karuana, Vinsent Keymer, Ardjun Erigaysi, Xans Nimann qatorida Germaniyada mukofot jamg‘armasi 300 ming AQSH dollaridan iborat “Freestyle Chess” bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etadi.
T.Ro‘ziyev yozib oldi, O‘zA