Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Javohir Sindorov: “Katta reja bajarildi, yangi maqsadlar hali oldinda”
12:19 / 2025-11-24

Hindistonda shaxmat bo‘yicha davom etayotgan jahon kubogining yarim final o‘yinlari ortda qoldi. Dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirokida o‘tayotgan FIDE tizimidagi eng nufuzli musobaqalardan biri –jahon kubogi yarim finalida ikki nafar shaxmatchimizning ro‘baro‘ kelganini, Javohir Sindorovning nomzodlar turniri yo‘llanmasiga ega chiqqanini O‘zbekiston shaxmat harakatining yangi g‘alabasi, deyish mumkin.

Yarim final o‘yinlari yakunida J.Sindorov musobaqalarni bevosita kuzatib borayotgan chet ellik jurnalistlarning savollariga javob berdi.

— Siz nafaqat FIDE jahon kubogi finaliga, balki Nomzodlar turniriga ham yo‘llanma oldingiz. Hozir o‘zingizni qanday his qilyapsiz?

— Juda xursandman, lekin do‘stim(Yoqubboyev) uchun biroz xafaman. Biz juda yaxshi kurashdik. Tay-brekdagi ikki rapid partiyada ham tayyorgarligim ancha yaxshi edi, shuning uchun yaxshi pozitsiyalar oldim, deb o‘ylayman. Klassik o‘yinda u juda mustahkam, yaxshi tayyorlangan. Agar ispancha, italyancha yoki boshqa debyutni tanlasam, bu o‘yinda yuta olamanmi yoki qiziqarli pozitsiya chiqadimi, aniq bilmasdim. Shuning uchun tezroq durangga erishish va hammasini rapid hamda blitsda hal qilish varianti menga ma’qulroq tuyuldi. Chunki, bu vaqt nazoratlarida o‘zimni biroz yaxshiroq his qilaman. Lekin baribir Nodirbek ham bu yerda o‘z darajasini ko‘rsatdi. Juda yaxshi o‘ynadi. Men ozgina omadim kelganini ham his qilyapman. Nomzodlar turniriga yo‘llanma olganimdan juda baxtiyorman. Bu mening bu yilgi eng katta maqsadim edi. Endi keyingi turnirlarimda Nomzodlar turniri uchun tayyorgarlikni boshlayman.

– Tay-brekni yutgandan keyin final oldidan o‘zingizni qanchalik ishonchli his qilyapsiz?

– Vey I bilan ko‘p musobaqalarda duch kelganman. Unga qarshi qo‘limdan kelganicha yaxshi shaxmat o‘ynashga harakat qilaman.  

– Musobaqani yaqinlaringiz ham kuzatib boryaptimi?

– Oilamiz a’zolari shu yerda. Bobom, buvim ham kelishgan. Juda xursandman, bunday paytda yaqinlarim yonimda bo‘lgani menga katta kuch beradi. Finalda eng yaxshi o‘yinimni ko‘rsatishga harakat qilaman.

T.Ro‘ziyev tayyorladi, O‘zA