Hindistonning Mumbay shahrida shaxmat bo‘yicha 6 jamoa ishtirokida o‘tgan “Global Chess League” xalqaro turnirining yarim final va final o‘yinlari yakunlandi.
Kecha o‘tgan final o‘yinida mazkur turnirning amaldagi g‘olibi "Triveni Continental Kings” “Alpine SG Pipers” jamoasi bilan kuch sinashgan bo‘lsa, 3-o‘rin uchun kechgan shiddatli va o‘ziga xos dramatik o‘yinda Javohir Sindorov dona surayotgan “Ganges Grandmasters” jamoasi “PBG Alaskan Knights” jamoasi bilan ro‘baro‘ keldi.
Hayajonli final bahsida “Alpine SG Pipers” tezkor shaxmat bo‘yicha har ikkala bahsda ham amaldagi chempion "Triveni Continental Kings”ni 4:2 va 4,5-1,5 hisobida mag‘lub etdi. Uchinchi o‘rin uchun bahsda “PBG Alaskan Knights” jamoasi ilk o‘yinida Javohir Sindorov jamoasi ustidan 4:2 hisobida zafar quchdi, ikkinchi uchrashuvda 3.5-2.5 ko‘rinishida “PBG Alaskan Knights” ustunlikka erishdi. Asosiy bahslarda 1:1 hisobidagi durang qayd etilgandan so‘ng ikkala blits tay-breykda “Ganges Grandmasters” 4-o‘rin bilan kifoyalandi.

Mumbaydagi o‘n kunlik murosasiz bahslar sarhisobiga ko‘ra, turnirda ishtirok etgan TOP-10 talik kuchli shaxmatchilar ro‘yxati e’lon qilindi.
O‘tkazilgan bahslarda ishtirokchilarning ko‘rsatkichlariga ko‘ra, Aliriza Firuzja TOP-10 talikda 26 ball bilan yetakchi sifatida qayd etilgan bo‘lsa, hamyurtimiz Javohir Sindorov 24 ball bilan 2-o‘rinni egalladi.
Yakunda mazkur turnirning keyingi musobaqasi 2026 yil 2-13 sentyabr kunlari o‘tkazilishi e’lon qilindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA