Germaniyada shaxmat bo‘yicha o‘tayotgan “Grenke Freestyle Chess Open” xalqaro turnirining ortda qolgan 3 ta tur o‘yinlaridan so‘ng 14 nafar shaxmatchi 3 ochkoga ega bo‘lgan holda “A” guruhida yetakchilik qilmoqda. Ular orasida hamyurtimiz Javohir Sindorov ham borligi e’tiborli.
Kecha o‘tkazilgan 2 va 3-turlarda Javohir Sindorov germaniyalik Yonas Rosner va polshalik Katsper Piorunni mag‘lub etdi.
Bugun, 19 aprel kuni mukofot jamg‘armasi 225 ming yevrodan iborat turnirning 4-turida Javohir oq donalarda hindistonlik Pranesh bilan kuch sinashadi. Aytish lozim hindistonlik shaxmatchi ham Sindorov singari 3 ochkoga ega bo‘lib turibdi.


O‘tkazilgan 3 ta tur o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, yetakchilikka asosiy da’vogar hisoblangan shaxmatchilardan Magnus Karlsengina yuz foizlik imkoniyat bilan turnirdagi ishtirokini davom ettirayotgan vaziyatda Arjun Erigaisi, Vinsent Keymer, Parxam Magsudlu 2,5, Fabiano Karuana, Uesli So, Maksim Vashe-Lagrav, Yan Nepomnyashiy 2 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lishgan.
Eslatib o‘tamiz, 21 aprelga qadar davom etayotgan xalqaro turnirda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 60 ming yevro bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA