Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Javohir Sindorov bugun qora donalarda turkiyalik shaxmatchiga qarshi dona suradi
10:59 / 2025-05-22

Bugun, 22 may kuni Shvetsiyaning Malmyo shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “TePe Sigeman & Co Chess Tournament-2025” turnirining 3-turida hamyurtimiz Javohir Sindorov qora donalarda Turkiya vakili Yagiz Kaan Erdogmus bilan kuch sinashadi.

Kecha turnirning 2-turida AQSH terma jamoasi tarkibida 2016 yili Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘olibligiga erishgan Rey Robsonga qarshi kechgan bahsda hamyurtimiz oq donalarda harakatlandi. Javohir Sindorov 30-yurish holatigacha pozitsion holatda kichik ustunlikka ega edi. Ammo aynan 30-yurishdagi noaniqlik kuchlarning tengligiga va oxir-oqibat uchrashuvning durang ko‘rinishida yakunlanishiga olib keldi.  

Ortda qolgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, vengriyalik Richard Rapport, Javohir Sindorov va turkiyalik Yagiz Kaan Erdogmus 1,5 ochko bilan yetakchilik qilmoqda.  

Bugun Erdogmus – Sindorov va Richard Rapport – Tan Chjun’i(Xitoy) kurashlari yetakchilik holatiga kimlar munosibligiga qaysidir ma’noda oydinlik kiritadi. Qolaversa, 1 ochkoga ega Nils Grandelius(Shvetsiya), Rey Robson(AQSH), Vasiliy Ivanchuk(Ukraina) ishtirokidagi bahslar ham peshqadamlar nomini aniqlashda muhim sanaladi.  

T.Ro‘ziyev, O‘zA