English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Javobi o‘zi bilan kelgan savol – “Bugun O‘zbekistonda Konstitutsiya ishlayaptimi?”
12:15 / 2025-12-09

Bayramdan keyingi o‘ylar

“Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekistonda Konstitutsiya ishlayaptimi?”, “Bu sanani oilaviy bayram qildingizmi?”… Kecha internetda shu mazmunda “so‘rovnoma” qilgan ba’zi hamkasblarimning materiallariga ko‘zim tushdi.

Oddiy odamlar bilan suhbat qilgan yaxshi. Chunki ular jamiyatning oynasi.

Lavhada kimdir “Siyosatni tushunmayman”, yana boshqasi “Konstitutsiya hayotda sezilmayapti”, deydi. E’tibor qilsam, bir paytning o‘zida savolga to‘liq va chuqur javob bera olmaganlar efirga chiqarilgandek tuyuldi menga.

Shunda beixtiyor o‘ylab qolasan. Haqiqatan ham bugun O‘zbekistonda Konstitutsiya ishlayaptimi?

Savolning javobi o‘zi bilan keladi.

Chunki Bosh qonun odamlardan uni yoddan bilishni yoki har bir moddani eslab yurishni talab qilmaydi. U huquqlarimizni kafolatlaydigan, davlat organlari qanday ishlashi kerakligini belgilaydigan, jamiyat hayotiga oshkora va bosqichma-bosqich ta’sir qilib boradigan asosiy qonundir.

Erkin fikr bildirish, erkin savol berish, kamera qarshisida “bilmayman” deyishning o‘zi Konstitutsiya bergan imkoniyat emasmi?

Odamlar “ba’zi huquqlar hali to‘liq ishlamayapti” deya ochiq ayta olayotgani, betaraf fikr, tanqid va erkin munosabat borligi huquqiy natija emasmi?

Jurnalistlar ko‘chada istagan kishiga mikrofon tutib, savol bera olayotgani matbuot erkinligi emasmi?

Ya’ni kimning qanday javob berishi Konstitutsiya ishlayaptimi-yo‘qmi degan o‘lchov emas.

Xolislik jurnalist uchun eng muhim mezon sanaladi. Savolni provokatsiyaga aylantirmaslik, faqat noqulay javoblardan xulosa chiqarib, “ahvol shunday” degan tasavvur uyg‘otmaslik adolatdan bo‘ladi.

Konstitutsiya bir kunlik bayram emas. U kundalik hayotimizdagi osoyishtalik, ish, o‘qish, dam olish, erkin fikr va adolatning huquqiy asosidir.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA