Sirdaryo tuman sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida ikki nafar voyaga yetmagan farzandi uchun belgilangan aliment to‘lovlarini to‘lamagan qarzdor ona jami 28 million 585 ming so‘m qarzni to‘liq qopladi. Natijada u ma’muriy javobgarlikdan ozod etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Majburiy ijro byurosining Sirdaryo tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjatiga asosan, mazkur fuqaro uzoq vaqt davomida farzandlari ta’minoti uchun belgilangan aliment majburiyatini bajarmagan.
Bir necha bor rasmiy ogohlantirishlarga qaramasdan, to‘lovlar amalga oshirilmagani sababli davlat ijrochisi tomonidan unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish hujjatlari sudga taqdim etilgan.
Sud jarayonida qarzdor ona o‘z aybini anglab yetib, belgilangan aliment qarzini ixtiyoriy ravishda to‘liq to‘lab bergan. Bu holat sud tomonidan inobatga olinib, unga nisbatan ma’muriy javobgarlik qo‘llanilmadi.
Qayd etish joizki, farzand tarbiyasi va uni moddiy jihatdan ta’minlash har bir ota-onaning qonun bilan belgilangan ma’naviy burchi hisoblanadi. Aliment to‘lovlari esa, avvalo, bolalarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri