Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy merosining Markaziy Osiyo xalqlari do‘stligini mustahkamlashdagi ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov bu ikki buyuk ijodkorning adabiy merosi va do‘stlik g‘oyalarining Uyg‘onish davridagi ijtimoiy jarayonga ta’siri, Markaziy Osiyoda millatlararo totuvlikni mustahkamlash, ijodini mintaqamiz mamlakatlarida o‘rganish va ommalashtirish borasidagi qisqacha fikrini O‘zA muxbiri bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda eng yuqori bosqichiga ko‘tarilgani sir emas. Tarixdan ma’lumki, madaniy hamkorlik kuchaysa, tinchlik yanada mustahkamlanadi. Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyning ko‘p asrlik ma’naviy merosi buning yaqqol dalili. Bu ikki buyuk shoir va mutafakkir Sharq Renessansi ramzidir. Ularning asarlari nafaqat adabiyot va falsafaning oliy namunasi, balki xalqlar, madaniyatlar va asrlar o‘rtasidagi tirik ko‘prik hisoblanadi.

Mir Alisher Navoiy, g‘azal sultoni sifatida tan olingan zot, “Xamsat-ul mutahayyirin”, “Majolis-unnafois” tazkiralari, “Tuhfat-ul afkor” qasidasi hamda “Xamsa” dostoni kabi o‘lmas asarlarida ustozi haqida beqiyos ehtirom bilan so‘zlab, uning ulug‘vorligi, fazilatlarini alohida ta’kidlagan.
Navoiy va Jomiy shunchaki shoir emas, balki insonparvarlik, ma’naviyat va tinchlik g‘oyalarining haqiqiy tashuvchilari edi.
Jomiy qalami va e’tiqodi bilan davrning axloqiy tafakkurini shakllantirgan.
Navoiy esa o‘zbek adabiyoti asoschisi sifatida ona tilini yuksak madaniyat darajasiga ko‘tarib, ijodi orqali inson, haqiqat va adolatga nisbatan chuqur muhabbatini ifoda etgan.
Bugun esa, ramziy ma’noda, tarix takrorlanmoqda: Markaziy Osiyoda tinchlik, birdamlik, madaniy muloqot ruhi hukmron.
Ilgari Samarqand va Hirot ma’rifat markazlari edi, endi Toshkent, Dushanbe, Ostona, Ashxobod va Bishkek ilmiy muloqot, ochiq bahs va xalqlarimiz ma’naviy yaqinlashuvi maskanlariga aylandi.
Hozir Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyning boy merosini ilmiy jihatdan yanada chuqur anglash juda dolzarb. Shu bilan birga bu ikki buyuk zotning g‘oyalari yoshlarni tarbiyalash, millatlararo hamjihatlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoni umumiy uy sifatida barpo etishga mislsiz va xolis xizmat qilishi mumkinligini ta’kidlash ayni muddao.
Muharrama Pirmatova yozib oldi.