Andijonda "Fidoyi yoshlar yetakchisi" respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov ochilishida Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda ilm-fan, sport, san’at, umuman, ijtimoiy hayotimizning barcha jabhalarida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘z iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarish, ulardagi faollik, yetakchilik fazilatlarini yuksaltirish uchun zarur sharoitlar yaratib berilayotgani ta’kidlandi.
Mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro tajriba almashishlariga ko‘maklashish, ularning ilg‘or ish uslublarini ommalashtirish, faol yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan tanlovda uning tuman, shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 16 nafar mahalla yoshlari yetakchisi ishtirok etib, belgilangan shartlar asosida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Uchqun mahalla fuqarolar yig‘inining Yoshlar yetakchisi Jasurbek Abdug‘ofurov eng ko‘p ball jamg‘arib, tanlov g‘olibi, deb topildi.
[gallery-8255]
- Faoliyatimda mahalladagi har bir yosh bilan ularning qiziqishidan, qarashlaridan kelib chiqib ish olib boraman, - deydi tanlov g‘olibi Jasurbek Abdug‘ofurov. – Mahallada olib borayotgan ishlarim ijobiy baholanib, tanlov g‘olibi bo‘lganimdan xursandman. Bu menga katta mas’uliyat yuklaydi, kuch va shijoat beradi. Endi tanlovning respublika bosqichida ham munosib ishtirok etishga, g‘oliblar qatoridan joy olishga harakat qilaman.
Tanlovda ikkinchi o‘rin Marhamat tumanidagi Alitepa mahallasi yoshlar yetakchisi Muhammadyusuf Abdug‘aniyevga, uchinchi o‘rin esa Oltinko‘l tumanidagi Mirobod mahallasi yoshlar yetakchisi Husanboy Ubaydullayevga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA