Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy chempionati superligasi birinchi davra o‘yinlarini peshqadam sifatida yakunlagan Namanganning “Navbahor” klubi birinchilardan bo‘lib, davralar oralig‘idagi tayyorgarlikka kirishdi.
Shu yilning 11 iyulidan mashg‘ulotlarga kirishgan “Lochinlar” rahbariyati o‘z tarkibini kuchaytirishga intilmoqda.
Shu maqsadda jamoa safiga Polshada to‘p surayotgan 25 yoshli mahoratli hujumchi Jasur Yaxshiboyev jalb etildi. Toshkent viloyatining Chinoz shahrida tug‘ilgan ushbu iqtidor sohibi o‘z faoliyatini 2016 yili “Paxtakor” jamoasida boshlagan. Poytaxtliklar tarkibida 2019 yilning yarmigacha to‘p tepgan Yaxshiboyev Olmaliqning “AGMK” jamoasiga o‘tgan. Shundan so‘ng, u faoliyatini xorijda davom ettirdi. Jasur 2020 yilgi mavsumni Belarusning “Energetik - BGU” (Minsk, 1-davra), “Shaxtyor” (Soligorsk) jamoalarida o‘tkazdi. Keyinchalik esa Polshaning “Legiya” (Varshava, 2021 yilning 1-davrasi), Moldovaning “Sherif” (Tiraspol, 2021 yilning 2-davrasi, 2022 yilning 1-davrasi) jamoalarida to‘p surdi.

Jasur Yaxshiboyev o‘tgan yilning kuzida Moldovaning “Sherif” tarkibida Yevropa Chempionlar ligasining guruh bosqichi uchrashuvida Madriddagi mashhur “Santyago Bernabeu” stadionida taniqli darvozabon Tibo Kurtuani dog‘da qoldirib, “Real” klubi darvozasiga gol urishga muvaffaq bo‘lgan va o‘sha o‘yinda hamyurtimiz jamoasi 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi.
“Sherif”dan so‘ng, “Legiya”ga yo‘l olgan mahoratli hujumchi bir necha kun oldin polshaliklar bilan tuzilgan shartnomani bekor qilib, yurtimizga qaytishga qaror qildi.
“Navbahor” shuningdek, “Paxtakor” klubining 29 yoshli mohir himoyachisi Vladimir Kozak va “AGMK” klubining 28 yoshli tajribali yarim himoyachisi Diyorjon Turopov bilan ham kelishuvga erishdi.
“Lochinlar” safini 27 yoshli hujumchi Andrey Sidorov (u endilikda “Qo‘qon-1912” jamoasida to‘p suradi) va tojikistonlik 23 yoshli sobiq yarim himoyachisi Ehsoni Panshanbe (“Zob-Axan” – Eron) tark etdi.
Davralar oralig‘ida yuzaga kelgan tanaffusdan unumli foydalanish, futbolchilarning jismoniy holatini saqlab turish, shuningdek, tarkibga yangi qo‘shilgan o‘yinchilarni sinovdan o‘tkazish maqsadida, “Navbahor” jamoasi kuni kecha mamlakat pro-ligasi vakili – “Buxoro” klubiga qarshi nazorat-sinov bahsi o‘tkazdi. Namangan shahridagi “Markaziy” o‘yingoh zaxira maydonida bo‘lib o‘tgan ushbu o‘yinda nursiz durang (0:0) qayd etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA