French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jasoratli millat jahonni hayratga soladi
10:11 / 2024-02-17

Aks-sado

Mamlakatimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar kun sayin o‘z natijalarini ko‘rsatmoqda. Jumladan, Namangan davlat universiteti ham dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Jahonning oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatiga oid turli reytinglarda faol ishtirok etib, tobora yuqori o‘rinlarni band etmoqda.  

Universitetda talaba-yoshlar va ilmiy tadqiqotchilarga yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar, ilmiy-tadqiqot natijalarini rivojlantirish uchun tashkil etilayotgan va rejalashtirilayotgan ilmiy va ishlab chiqarish laboratoriyalari sohadagi islohotlar samarasi, desak, xato bo‘lmaydi.  

Prezidentimiz raisligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur’atlari shiddatli tus olgani, o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri yurtimizda ham sezilayotgani alohida ta’kidlandi. Darhaqiqat, Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyondalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar.  

Joriy yilda ziyolilar maskani bo‘lgan universitetda amalga oshiriladigan eng muhim vazifalardan biri sifatida professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalarda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, Vatanga sadoqat, jadid bobolarimiz merosini chuqur o‘rganish, yoshlar qalbida davlat ramzlariga muhabbat va g‘urur tuyg‘usini yanada kuchaytirish borasida aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.  

Xususan, “Jadidlar g‘oyalari yangi O‘zbekiston strategiyasi bilan hamohangdir!” shiori ostida jadid bobolarimizning sharafli hayot yo‘lini ifodalovchi “Ma’naviyat va madaniyat markazi”ni barpo etish, teatrlar, jadidshunoslik kechalarini tashkil etish bilan bir qatorda universitet axborot-resurs markazlarida alohida jadid bobolarimiz ijodini namoyon qiluvchi burchaklarni tashkil etish vazifasi ustida ishlar olib borilmoqda.  

Davlatimiz  rahbari raisligida  2024  yilda ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’kidlandiki, professional va oliy ta’limda kasbiy ko‘nikmalarni belgilash va ularni baholash bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi. Ya’ni talab yuqori bo‘lgan 100 ta kasb tanlanib, Germaniya, Shveysariya va Buyuk Britaniya tajribasi asosida kasb standartlari ishlab chiqiladi. Shuningdek, oliy o‘quv yurtlari, texnikum va kollejlarda texnopark, laboratoriya  va amaliy monomarkazlar tashkil etiladi.  

Yangi o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda o‘qitishda “Akademik” va “Ishchi kasb” ta’lim  konponentlarining uzviyligini ta’minlaydigan yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Bunda kollej-texnikumning 1-2 kursidagi ta’lim dasturlari, darsliklari, bilimni baholash mezonlari va muallimlarga talablar oliy o‘quv yurtlari bilan tenglashtiriladi. Texnikumlarda ham “kredit tizimi” joriy qilinib, fanni o‘zlashtirish bo‘yicha to‘plangan “kreditlar” oliy o‘quv yurtlarida tan olinadigan tizim bo‘ladi. Kollej-texnikumda ikki yil davomida yetarli “kredit” to‘plagan o‘quvchilar “2+2” dasturi asosida oliy o‘quv yurtlarining ikkinchi yoki uchinchi kurslarida ta’limni davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi.  

Prezidentimiz  tomonidan  belgilab  berilgan  bu  vazifalar ijrosi sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqadi. Boshqacha aytganda, mamlakatimiz professional ta’lim tizimi yaqin vaqt ichida jahon standartlari darajasiga ko‘tariladi.

Bu esa har birimizning zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Tabiiyki, bugun xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirish, xalqaro reytinglarda munosib ishtirok etish va ta’lim dasturlarimizni  xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish orqali talabalarimizga sifatli ta’lim berish, ilmga asoslangan bilimni rivojlantirish, kadrlarga bo‘lgan bugungi talablarga  mos raqobatbardosh  kadrlar tayyorlash oldimizda turgan eng muhim vazifalardir.

Shu kunga qadar Namangan davlat universiteti 70 ga  yaqin xorijiy oliy ta’lim muassasasi bilan  anglashuv memorandumlarini imzolagan. Universitetni xalqaro darajaga olib chiqish imaqsadida dunyoning “TOP-500 ta”ligiga kiruvchi Turkiyaning O‘rta Sharq texnika universiteti, Istanbul texnika universiteti, Italiyaning Sannio universiteti, Germaniyaning Mayns universiteti bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Kelgusida professor-o‘qituvchilar va talabalarning xalqaro almashinuv dasturlaridagi ishtiroki soni besh barobarga oshiriladi.  

Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi, degan ibora shunchaki aytilmadi. Ayni shu sababdan oliy o‘quv yurtida yosh iqtidorlarni saralab olish, zamonaviy bilim va tajribalar hamda milliy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi bo‘lgan yoshlarni tarbiyalashda maktab, texnikum va akademik litseylar bilan yaqin hamkorlik qilish faoliyatimizda ustuvor ahamiyat kasb etadi va bu yo‘nalishdagi xayrli ishlar izchil davom etadi. Universitetda yoshlarni munosib  rag‘batlantirish maqsadida akademik litsey va viloyat  maktablari  uchun “Rektor kubogi”, “Rektor olimpiadasi” kabi tadbirlar o‘tkaziladi hamda “Rektor stipendiyasi” ta’sis etiladi.  

Shiddat bilan rivojlanayotgan jahon ta’limi sahnasida qulay ta’limiy muhitni yaratish, shaffoflik va adolatni ta’minlash maqsadida inson omilini kamaytirishning samarali yo‘li  raqamlashtirish hisoblanadi. Bu borada universitetda yaqin vaqt mobaynida “Ochiq ilm-fan platformasi” ishga tushiriladi.

Mazkur platforma 24 ta kontentni o‘z ichiga olib, universitetda o‘quv-me’yoriy, uslubiy va ilmiy-tadqiqot hamda ijro hujjatlarini raqamli monitoring qilish imkonini beradi.  
Shu maqsadda yetti qavatli Innovatsion fakultet o‘quv binosi, ilmiy-amaliy o‘quv poligoni maqsadida yaratilayotgan “Ekobog‘” maydoni, ikkita talabalar turar joyi binosining qurilishi boshlangan bo‘lsa, “Ofis registrator” raqamli xizmatlar markazi, beshta o‘quv-ilmiy laboratoriya , ikkita 200 o‘rinli zamonaviy ma’ruzalar xonasi va mavjud bo‘limlar uchun shinam xonalar qurilishi rejalashtirilmoqda.  

Sobitxon Turg‘unov,  
Namangan davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor.  

O‘zA