Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jasorat va mardlik bitilgan sahifalar
17:36 / 2026-01-15

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil topganligining o‘ttiz to‘rt yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Sharqiy harbiy okrugiga qarashli, Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan G‘urumsaroy harbiy qismida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, “Janub sarhadlari” gazetasi mas’ul kotibi, poplik iqtidorli ijodkor Elyor Rahmonovning “Askar” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu ijodiy-ma’rifiy tadbirda harbiy qism xizmatchilari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda faxriylar kengashining viloyat va tuman bo‘linmalari vakillari ishtirok etdi. 

Vzvod komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, leytenant Dilmirza Mirzayev boshqargan tadbirda ishtirokchilar dastavval, uyushma viloyat bo‘limi raisi, shoir Nosirjon Dehqonovning “Sharaf sizga, Vatan himoyachilari” mavzusidagi ma’ruzasini tingladilar. Unda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli Qurolli Kuchlar qudratini yanada yuksaltirishda armiya va xalqning birdamligi, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga yaratilayotgan shart-sharoitlar, tinchlik va osoyishtalik barqarorligiga qaratilayotgan amaliy ishlar xususida to‘xtaldi. 

Respublika Mudofaa ishlari vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashining viloyat hududiy bo‘limi tomonidan belgilangan reja va ularni amalga oshirishda harbiy qism shaxsiy tarkibi bilan hamkorlik samarasi e’tirof etildi. Shuningdek, mayor Odiljon Jo‘rayev, faxriy jurnalist Ne’matulla G‘aybullayev, Ma’naviyat va ma’rifat markazi Pop tumani bo‘linmasi rahbari Farhod Pirimnazarov kitobning mazmun-mohiyati yuzasidan mulohazalarni bildirdi. 

Ayniqsa, “Usmon Nosir media” nashriyoti direktori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va hajvchi adib Alisher Og‘a – Alijon Jo‘rayevning askarlar bilan muloqoti g‘oyat qizg‘in kechdi. Qashqadaryolik oddiy askar Behzod Ahmatovning qismda kitobxonlikka qaratilayotgan e’tibor va yaratilgan sharoitlardan minnatdorlik izhoridan so‘ng harbiy xizmatchilar kitob muallifi Elyor Rahmonov bilan yuzma-yuz suhbatda bo‘ldi. 

Kitobning alohida ahamiyatga ega jihatlaridan biri shuki, undagi voqealar qachondir, qaysidir makonda ro‘y bergan emas, shu yaqin kunlarda, Namanganning chegara hududlarida ro‘y bergan hodisalar. Unda bugungi askarlarning kundalik hayotlari, ota-onalariga yaqinlariga nisbatan sog‘inch hislari, yurtga muhabbat va tinchlik barqarorligi uchun mas’uliyatlari sodda va ravon bayon etilgan. 

Taqdimot yakunida muallif askarlar kutubxonasiga o‘zining yangi kitobidan hadya qildi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.