Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 79-yilligi bu yil mamlakatimizda shu shior ostida nishonlanmoqda.
Davlatimiz rahbarining shu yil 16-apreldagi qarori hamda farmoniga ko‘ra ushbu sanani munosib nishonlash uchun puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Urush va mehnat fronti faxriylari, keksa avlod vakillarini ijtimoiy muhofaza qilish va moddiy rag‘batlantirish, ularning turmush sharoitini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ta’lim muassasalari, mahallalarda keksa avlod vakillari bilan uchrashuvlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Samarqand viloyatida ham bu borada zarur chora-tadbirlar ko‘rilib, urush va mehnat fronti qatnashchilari holidan xabar olinib, ularga bayram sovg‘alari topshirilmoqda.
Ayni paytda viloyatda 5 nafar urush qatnashchisi davlatimizning doimiy e’tiborida bo‘lib hayot kechirmoqda. Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, ularning har biri 20 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.
[gallery-17324]
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov viloyat faollari, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi bilan birga Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadonlariga borib, ularga Prezidentimiz tabrigi va ushbu pul mukofotlarini, viloyat hokimligining sovg‘alarini tantanali topshirdi.
Jumladan, Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi Ahad Ochilov davlatimiz rahbarining tabrigi va mukofotini qabul qilib olar ekan, Prezidentimizning minnatdorligini ta’kidladi.
– Navro‘z bayramida ham viloyatimiz hokimi xonadonimizga kelib, hurmatli Prezidentimizning tabrigi va sovg‘alarini yetkazganida boshim ko‘kka yetgandi – deydi qariyb yuz yoshni qarshilayotgan Ahad Ochilov. – O‘sha quvonch va faxr hali ko‘nglimni chog‘ qilib turganda mana bugun yana mukofot va sovg‘alar oldik. Ming rahmat! Bizni e’zozlayotganlar omon bo‘lsinlar!
Ahad ota 1942-yilda frontga jalb qilinib, uch yil shiddatli janglarda qatnashdi. G‘alabadan keyin ham Germaniyada harbiy xizmatni davom ettirib, 1949-yilda uyiga qaytib keldi. So‘ngra hayotini pedagogika sohasiga bag‘ishlab, yosh avlodga ta’lim-tarbiya berdi.
Viloyat hokimi Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi Mixail Kolmogorov xonadonida ham bo‘lib, davlatimiz rahbari tabrigi va pul mukofotini topshirdi. Fayzli dasturxon atrofida kechgan suhbat chog‘ida tinchlik qadri, yurtimizda keksalarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, yoshlar ta’lim-tarbiyasi haqida so‘z yuritildi. M.Kolmagorov mehmonlarga minnatdorlik bildirib, ularni ham bayram bilan tabrikladi.
Viloyat IIB boshlig‘i, ikkinchi sektor rahbari R.Mamatov bir guruh mutasaddilar bilan birga Urgut tumanida yashovchi Bo‘ron Gadoyevni bayram bilan tabriklab, Prezident tabrigi va pul mukofotini yetkazdi. Shuningdek, otaxonga viloyat va tuman hokimliklarining sovg‘alari topshirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari