Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida mehnat, sabr va iroda bilan barpo etilgan bog‘ bor. Uning sohibini taqdir sinovdan o‘tkazgan, biroq sinovlar uni sindirmagan. Aksincha, ruhini toblagan. Bu bog‘dorchilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan “Hasanov Akbar Muhammadiyevich” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Akbar Hasanovdir.
Prezident farmoniga asosan Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan Akbar Hasanov “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Bu mukofot uning nafaqat mehnatdagi yutuqlari, balki hayotga bo‘lgan qat’iy irodasi, matonati va jasoratining e’tirofidir.
Xo‘jalik tasarrufida jami 12 gektar yer maydoni mavjud. Uning 4 gektari anor, 7 gektari gilos bog‘lari, 1 gektari esa issiqxona, parrandachilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Issiqxonaning 12,5 sotix qismida limon yetishtiriladi. Joriy yilda ushbu issiqxonadan 5 tonnadan ziyod hosil olindi.
Ayni paytda korxonada 4 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, mavsumiy ishlar davrida ham o‘nlab ishchi jalb qilinadi. Bu esa tadbirkorning ijtimoiy mas’uliyati va insonparvarlik tamoyillariga amal qilib kelayotganini ko‘rsatadi.
Akbar Hasanovning o‘zi ham ikkinchi guruh nogironi. U 10 yoshida avtohalokat oqibatida ikki oyog‘ining tizzadan past qismidan ajralgan. Yosh bola uchun bu og‘ir sinov edi. Bir muddat tushkunlikka tushdi, atrofdagilarning munosabati, tengqurlarining mazaxi uning qalbiga qattiq botdi. Ammo aynan shu alam uni kurashishga undadi.
U o‘tirgan holatda jismoniy mashqlar qilishni boshladi, protezga moslashish oson kechmadi. Biroq vaqt o‘tib, bu qiyinchiliklarni ham yengdi. Bugun u nafaqat protezda erkin yuradi, balki uni o‘zi yasaydi. Shu protezda Hazrati Sulton cho‘qqisiga chiqib kelgani esa uning irodasiga yaqqol misoldir.
Shunday bo‘lishiga qaramay, u bog‘dagi va issiqxonadagi barcha ishlarni bemalol bajaradi. Ba’zan kun bo‘yi mehnat jarayonida oyoqlari qontalash bo‘lib ketadi, lekin u ortga qaytmaydi. Doim oldinga intiladi. Bugun u ko‘plab sog‘lom odamlardan ham ziyodroq mehnat qilayotganini hayotning o‘zi isbotlab turibdi.
[gallery-26763]
Bog‘idagi giloszorga eng sara ko‘chatlar ekilgan bo‘lib, ulardan ham serhosil natijalar olinmoqda. Shu bilan birga, tadbirkor kelgusida giloszor o‘rniga yong‘oqzor barpo etishni rejalashtirmoqda. Chunki hududning ob-havo sharoiti yong‘oq yetishtirish uchun yanada mos ekani amaliyotda o‘z tasdig‘ini topmoqda.
– Mukofotlanganim haqidagi xabar ochig‘i meni lol qoldirdi. Bu medal menga yanada katta ruhiy kuch, yangi motivatsiya berdi. Mas’uliyatimni yanada oshiradi. E’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorman, – deydi Akbar Hasanov.
Akbar Hasanov hayoti va mehnati shuni ko‘rsatadiki, inson uchun eng katta tayanch bu sog‘lom iroda, qat’iyat va mehnatdir. Jasorat medali esa ana shu fazilatlarga berilgan munosib bahodir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari