Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jasorat, matonat va halol mehnat – chinakam ibrat yo‘li
11:02 / 2022-05-10

9 may — Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda keng nishonlandi.

Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xotirasini abadiylashtirish ishlariga alohida e’tibor berilmoqda.   

Zero, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va mardlik namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlarimiz uchun jonini fido qilgan jasur yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini e’zozlash va faxriylarimizning hurmatini joyiga qo‘yish yurtimizda ezgu an’anaga aylangan. 

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi  Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari – Abbos Appanov, Fyodor Fedin qatori Akmal Akromov xonadoniga borib, ularning holidan xabar oldi. 

Akmal ota Adliya vazirligi tizimida uzoq yillar mehnat qilgan. 1924 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan A.Akromov maktabni tugatgach, mashinasozlik zavodiga ishga kirgan. U 1942 yilda 18 yosh bo‘lishiga qaramasdan ko‘ngilli ravishda  birinchilardan bo‘lib urushga ketgan. 

Akmal ota urush haqidagi xotiralari haqida “Bu haqiqiy qirg‘in edi. Doimiy portlashlar, bir necha soat oldin hamsuhbat bo‘lgan yigitlarning halok bo‘layotganini ko‘rish oson emas edi...”, deb eslaydi. 

A.Akromov haqiqiy o‘zbek o‘g‘lonida bo‘lishi kerak bo‘lgan mardlik, jasurlik topqirlik xislatlari bilan ajralib turar edi va aynan shu xislatlari uchun komandirlar e’tiboriga tushgan.  

Stalingrad uchun bo‘lgan jangda ham u o‘zining matonatini ko‘rsatib qahramonga aylandi. Bir nechta oliy unvonlar bilan taqdirlandi.  

U o‘zining esdaliklarida ko‘plab unvonlarga sazovor bo‘lgani, lekin eng esda qolarlisi – Stalingradni himoya qilgani uchun birinchi darajali Vatan urushi ordeni va Dneprni kesib o‘tganlik uchun uchinchi darajali “Shon-sharaf” ordeni bo‘lganini yozgan.  

Urushdan qaytgan Akmal ota savdo sohasi, oziq-ovqat sanoati, yuristlar komissiyasi va adliya vazirligi tizimida ishlagan.  Keyinchalik nafaqada bo‘lishiga qaramay Toshkent shahar urush va mehnat faxriylari jamiyati, “Nuroniy” jamg‘armasi shahar bo‘limiga rahbarlik qildi. 

98 yoshni qarshi olayotgan Akmal ota ko‘rsatgan jasorat va matonat va urush yillaridan keyin qilgan samarali mehnat faoliyati bugungi yoshlar uchun katta ibrat maktabidir.  

N.Abduraimova,  O‘zA