“Jasorat” so‘zi eshitilganda, xayolimizga mardlik, iroda va Vatanga sadoqat tushunchalari keladi. Kimdir ilm yo‘lini, kimdir san’at olamini tanlaydi.
Vatanga muhabbat bilan yo‘g‘rilgan, jasoratni shior qilgan yoshlar esa boshqacha yo‘ldan boradi. Ana shu ruhda tarbiyalanayotgan o‘g‘il-qizlar uchun Sirdaryoda bugun unutilmas kun bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev — Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondonining 2024 yil 15 noyabrdagi qaroriga muvofiq, yurtimizda yangi ta’limiy yo‘nalish — “Jasorat maktablari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu islohot yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish, ularni harbiy va intellektual tayyorgarlikning yangi bosqichiga olib chiqishni maqsad qiladi. Sirdaryo viloyatida ham bunday maktablarning 11 tasi bunyod bo‘ldi.

Qaror asosida 5-sinf o‘quvchilari orasidan saralab tanlangan 286 nafar bola bugun “Jasorat sinflari”ning ilk o‘quvchilari sifatida tarixga kirdi. Ular ikki bosqichli — test va jismoniy tayyorgarlik imtihonlari orqali qabul qilindi.

Guliston shahridagi Alisher Navoiy xiyobonida bo‘lib o‘tgan “Va’da berish” marosimi yoshlar hayotida unutilmas sanaga aylandi. Sahna bezaklari, hilpiragan bayroqlar va vatanparvarlik ruhi bilan to‘lib-toshgan tadbirda viloyat hokimligi, Milliy gvardiya, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar va Ichki ishlar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari hududiy boshqarmalari vakillari, ustozlar, faxriy harbiylar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Va’da berish marosimidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Sahnada Amir Temur bobomizning jasoratlarini yoritgan sahnaviy ko‘rinish va Vatan haqidagi qo‘shiqlar tomoshabinlarni ruhlantirdi. Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligi harbiylarining jangovar chiqishlari, qurol-aslaha namoyishi ishtirokchilarda g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi.

– Joriy yilda birinchi bor tashkil etilgan “Jasorat sinflari”ga test va jismoniy tayyorgarlik asosida qabul qilingan o‘quvchilarimiz har tomonlama iqtidorli, – deydi Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Davron Isoqov. – Ular matematika, CHQBT, tarix, chet tili, fizika kabi fanlarni chuqur o‘rganadi. Shu bilan birga, robototexnika, tibbiy tayyorgarlik, milliy sport turlari bo‘yicha to‘garaklarda ham ishtirok etadi. Yil davomida harbiy qismlarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi ularning tajribasini yanada boyitadi.
– O‘g‘lim Odiljon bolaligidan harbiy bo‘lishni orzu qilardi, – deydi gulistonlik ona Dilnoza Yorqinjonova. – Bugun uning dastlabki orzusi ushaldi. Uni qutlash uchun butun oilamiz shu yerga yig‘ildi. Farzandim tinchlikni qadrlaydigan, el-yurtimizga sodiq yigit bo‘lib ulg‘aysin.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri