Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Jasorat maktabi” – yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi
10:18 / 2024-05-15

FOTOREPORTAJ

Farg‘ona viloyati mahallalarida jinoyatchilikka moyil xulq-atvorli yoshlarni jalb etgan holda harbiy qism va muassasalarda 10 kunlik “Jasorat maktabi” harbiy yig‘inlarini tashkil etish belgilangan bo‘lib, mazkur o‘quv-yig‘in yil davomida to‘rt bosqichda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ayni kunlarda “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘inining navbatdagi – ikkinchi mavsumi o‘tkazilmoqda. Unga 100 nafar yosh jalb qilindi.  

Belgilangan dasturga asosan, bu yerda yoshlar uchun yangi imkoniyatlar va sharoitlar yaratilmoqda. Badantarbiya mashg‘ulotlari bilan boshlangan har bir kun davomida yoshlarga dunyo va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatlar haqida ma’lumotlar berilib, jangovar va saf tayyorgarligi kabi o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazib kelinmoqda.

[gallery-17412]

– Viloyat hokimligi, Farg‘ona garnizoni, mudofaa ishlari, ichki ishlar, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmalari, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi va huquq-tartibot organlari hamkorligida tashkil etilgan mazkur o‘quv yig‘ini ishtirokchilari mas’ul ofitserlar tomonidan tantanali kutib olindi, – deydi harbiy xizmatchi, kapitan Sultonbek Xushvaqtov. – Dastlab ishtirokchilar shifokor ko‘rigidan o‘tkazilib, ularga harbiy liboslar tarqatildi. O‘n kunlik harbiy o‘quv yig‘in davomida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga ko‘maklashish, kasb-hunar va tadbirkorlikka yo‘naltirish maqsadida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, biznes saboqlar, jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari, psixologik, motivatsion treninglar olib borilmoqda. Shuningdek, sport musobaqalari, “Qo‘mondon va yoshlar”, “Rahbar va yoshlar”, “Men tadbirkor bo‘laman”, “Uch avlod uchrashuvi” kabi tadbirlar, jinoyat, huquqbuzarlik tushunchalari, ularning salbiy oqibatlari, har bir jinoyatga javobgarlik muqarrarligi mavzularida o‘quvlar ham tashkil etilmoqda.

Yoshlar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida yig‘inga jalb etilgan yigitlarning bir guruhi Farg‘ona shahridagi “Ishga marhamat!” monomarkazi faoliyati bilan yaqindan tanishtirilib, “Yosh elektriklar”, “Yosh hunarmandlar”, “Yosh tadbirkorlar”, “Yosh sartaroshlar” kabi guruhlarda monomarkaz mutaxassislari tomonidan mashg‘ulotlar tashkil etildi.  

– Yoshim 18 da, – deydi dang‘aralik Fazliddin Nazirov. – “Jasorat maktabi”ga harbiylar hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida kelgan edim. Bu yerda harbiylar hayoti bilan tanishibgina qolmay, balki, haqiqiy jasorat egalari, vatanparvar kishilarni ko‘rdim. Ular bilan bir safda yurganimdan ochig‘i, faxrlanib ketyapman. Bundan tashqari, sport, tadbirkorlik hamda kasb-hunar mashg‘ulotlarida qatnashib, ko‘plab ma’lumotlar olyapmiz. Shu qisqa vaqt ichida o‘z oldimga aniq maqsadlar ham qo‘ya boshladim.  

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/U5n7ARqKc5k" title="YoSHLAR HARBIY-OʻQUV YIGʻIN MASHGʻULOTLARIDA TOBLANMOQDA" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA