Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Jasorat maktabi” Sirdaryoda ish boshladi
11:05 / 2025-09-25

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi 532-sonli harbiy qismda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularga zamonaviy bilim va kasb-hunar o‘rgatish maqsadida “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik o‘quv-yig‘inining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu maktabda yoshlar nafaqat harbiy mashg‘ulotlar, balki axborot texnologiyalari, tadbirkorlik, turli kasb-hunarlar hamda sport yo‘nalishlarida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Tadbir doirasida qurol-aslaha va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etilib, mutaxassislar ishtirokchilarga qurol va texnikadan foydalanishning o‘ziga xos jihatlarini amalda ko‘rsatib berdilar.

[gallery-25509]

Shundan so‘ng,  “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” ham o‘tkazildi. Unda Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Erkinjon Turdimov, Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Nozimjon Bulturov hamda viloyatdagi mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni ochiq bayon etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ayrim masalalar shu joyning o‘zida hal etildi, qolganlari bo‘yicha esa mas’ul rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi.  

– “Jasorat maktabi” oddiy ta’lim maskani emas, – dedi Erkinjon Turdimov. – Bu yerda yoshlar jasorat, sadoqat va Vatanga muhabbatni hayotiy ko‘nikma sifatida o‘zlashtiradilar.

O‘quv-yig‘in doirasida jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari, sport musobaqalari va ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.  

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri