Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Jasorat maktabi” o‘quvchilari tantanali va’da berdi
16:26 / 2025-09-25

Joriy o‘quv yilida Buxoro viloyatidagi 13 ta umumta’lim maktablari negizida “Jasorat maktablari” tashkil etilib, ayni paytda ularda 338 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.

Buxorodagi N-harbiy qismda mazkur sinf o‘quvchilarining tantanali va’da berish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda hokimlik, maktabgacha va maktab ta’limi, mudofaa, ichki ishlar hamda Milliy gvardiya boshqarmalari mutasaddilari, ota-onalar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. 

[gallery-25455]

So‘zga chiqqanlar yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida, jismonan sog‘lom va ma’naviy barkamol inson qilib tarbiyalashda mazkur ta’lim maskanlarining o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidladi. Shuningdek, bugun yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini ta’minlashga hissa qo‘shishdek ezgu va ulug‘vor yo‘lga shaylangan o‘quvchi-yoshlarga samimiy tilaklar bildirdi.

– Jasorat sinflarining maqsadi o‘quvchilarni harbiy-vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalash, ularda harbiy xizmatni ado etishda zarur bo‘ladigan dastlabki harbiy va ijodiy ko‘nikmalarni shakllantirish, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun maqsadli tayyorlashdan iboratdir, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Firdavs Hidoyatov. – “Jasorat maktabi”da tahsil olayotgan yoshlar bugun ona Vatanga sadoqat, matonat va mas’uliyat ramzi sifatida tantanali va’da berib, kelajakda Vatan himoyachilari safini to‘ldirish yo‘lida qadam tashladi. Ishonamizki, ular buyuk ajdodlarimizning, avvalo, sohibqiron Amir Temurning bebaho merosi, Vatanimiz ozodligi va el-yurt tinchligi yo‘lida mardlik va jasorat ko‘rsatgan vatandoshlarimizning qahramonligi asosida O‘zbekiston xalqiga sodiq farzandlar bo‘lib yetishadi.

Tadbirda qo‘l jangi elementlaridan iborat ko‘rgazmali chiqishlar namoyishi, harbiy orkestr jamoasining kuy va qo‘shiqlari ishtirokchilarga jangovar ruh bag‘ishladi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.