Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Jasorat maktabi” ning navbatdagi mavsumi boshlandi
11:02 / 2024-12-06

Bugun yoshlar orasida “Jasorat maktabi” haqidagi suhbatlar tez-tez quloqqa chalinadigan bo‘ldi. Bundan bir necha yil avval boshlangan o‘n kunlik harbiy-vatanparvarlik yig‘ini hayot yo‘lini to‘g‘ri izga solmoqchi bo‘lgan yoshlarga yo‘l ko‘rsatuvchi mayoq bo‘lib xizmat qilmoqda. Yig‘in ishtirokchilari o‘n kun davomida belgilangan kun tartibi asosida tashkil etilgan mashg‘ulotlar, ilk harbiy ko‘nikmalariga ega bo‘ladi hamda kasb-hunarga yo‘naltiriladi.

Ushbu yig‘inga qashqadaryolik yoshlar ham katta qiziqish bildirmoqda. Kuni kecha harbiy vatanparvarlik loyihasining yangi mavsumiga start berildi.  

Qashqadaryo viloyatining turli shahar va tumanlaridan kelgan yoshlar Qarshi shahridagi Yoshlar markazi binosida tantanali kutib olinib, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli Nishon hamda Muborak tumanlaridagi harbiy qismlarga tantanali kuzatildi. Ishtirokchilar harbiy qismlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga harbiy kiyimlar tarqatildi.  

Huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik ruhini shakllantirish, sadoqat tushunchalarini tarbiyalash maqsadida o‘tkazilayotgan “Jasorat maktabi” loyihasining joriy mavsumida 350 nafar band bo‘lmagan (otaliqqa olingan, jinoyat qilishga moyilligi bo‘lgan , profilaktik hisobda turuvchi) yoshlarga 15 dan ortiq kasb-hunar o‘rgatilishi rejalashtirilgan. Xususan, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, 10 kun ichida ular bilan harbiy, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, IT-texnologiyalari, tadbirkorlik hamda kasb-hunar, shuningdek, avtoservis xizmati, santexnik va chilangarlik, umumqurilish ishlarini o‘rganish bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etiladi.  

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari