Davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlar bilan ishlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu borada Qashqadaryo viloyatida ham keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilda viloyatdagi 828 ta mahallada istiqomat qiluvchi 951 ming 301 nafar yoshning “yoshlar balansi” shakllantirilib, ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘rgatish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilanib olindi.
Yoshlar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otgan “Jasorat maktabi” loyihasi ham muvaffaqiyatli davom ettirilmoqda. Mazkur loyiha, hayot yo‘lini yangidan boshlamoqchi bo‘lgan, turli muammolarga duch kelgan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ijtimoiy ko‘nikmalar bilan ta’minlashda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Qarshi shahridagi Yoshlar markazi binosida “Jasorat maktabi” loyihasining yangi mavsumi boshlandi. Unda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan 220 nafar yosh ishtirok etdi. Yig‘in ishtirokchilari janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli Nishon hamda Muborak tumanlaridagi harbiy qismlarga tantanali ravishda kuzatildi.
[gallery-25892]
Loyiha doirasida yoshlarga 15 dan ortiq kasb-hunar o‘rgatilib, jumladan, 4 ta guruh – yosh tadbirkorlar, IT dasturchilar, avtoservis, duradgorlar guruhlariga ajratildi.
O‘n kunlik dastur davomida yoshlar nafaqat harbiy ko‘nikmalarni egalladi, balki tadbirkorlik, IT-texnologiyalar, qurilish va avtoservis xizmatlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdi. Ishtirokchilar uchun kurash, voleybol, arqon tortish, shaxmat va boshqa sport musobaqalari hamda harbiy qismdagi Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek kabi o‘quv xonalarida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va dars mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Loyihaning tarbiyaviy qismlarida “Vatan ostonadan boshlanadi” mavzusida harbiy-vatanparvarlik uchrashuvlari o‘tkazildi. Shuningdek, loyihaning yopilish marosimida janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondon o‘rinbosari, Davlat xavfsizlik xizmati hududiy boshqarmasi vakili, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i hamda viloyat savdo-sanoat palatasi, harbiy prokuraturasi mas’ullari ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida yoshlar bilan rahbarlar harbiylar hayoti va o‘zlarining hayotiy tajribalarini o‘rtoqlashdi, hozirgi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berdi. Shuningdek ishtirokchilarning taklif va murojaatlari ham tinglandi.
10 kun davom etgan loyiha mashg‘ulotlarini muvaffaqiyatli tamomlagan, tadbirkorlik qilish maqsadidagi yoshlarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Tanlovlarda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar esa diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari