Buxoro shahrida joylashgan harbiy qismda viloyat hududlarida profilaktik hisobda turgan yoshlar ishtirokida “Jasorat maktabi” harbiy-o‘quv yig‘ini boshlandi.
Harbiy-o‘quv yig‘inida Buxoro viloyatining turli tuman va shaharlaridan kelgan 80 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etmoqda. Ular uchun maxsus dastur asosida harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari, jismoniy tarbiya mashqlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar hamda tarbiyaviy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Harbiy-o‘quv yig‘inining ochilish marosimida viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Botir Zaripov so‘zga chiqib, harbiy-vatanparvarlik yig‘ini uyushmagan yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning ma’naviy dunyoqarashi va jismoniy tayyorgarligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishi, kasb-hunar o‘rganishi va bandligini ta’minlash yo‘lida davlat tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.


Harbiy-o‘quv yig‘ini doirasida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” ham tashkil etildi. Muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, muammo va takliflarini ochiq bayon etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ayrim masalalar shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi, qolganlari bo‘yicha esa mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri