French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Jasorat maktabi” harbiy-o‘quv yig‘ini yakunlandi
10:19 / 2025-11-20

Navoiy garnizonidagi harbiy qismda “Jasorat maktabi” harbiy-o‘quv yig‘ini o‘tkazildi.

Unda shahar va tumanlardan yuz nafar ishtirokchi qatnashdi.  

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, kasb-hunarga o‘qitish hamda malakali kadrlar bo‘lib yetishishiga ko‘maklashish maqsadida yig‘in doirasida ma’naviy-ma’rifiy va biznes saboqlari, jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari, psixologik va motivatsion treninglar olib borildi. O‘quv yig‘ini davomida ishtirokchilar nafaqat amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirdi, balki jamiyat va vatan oldidagi burchlarini yanada chuqurroq his qildi.

– O‘n kun davomida tengdoshlarimiz bilan birgalikda harbiy qismdagi askar akalarimiz bilan yonma-yon turib xizmat qildik, – deydi yig‘in ishtirokchilaridan biri, Nurota tumanidagi Jarma mahallasida istiqomat qiluvchi Abdulatif Nuriddinov. – Bu yerda nafaqat jismonan chiniqdik, balki tashkil etilgan turli musobaqalarda, intellektual o‘yinlarda ishtirok etib bilimlarimizni yanada oshirib, ko‘nikmalarimizni shakllantirdik.  

Harbiy qismda “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini yakuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etilib, harbiy orkestr va faxriy qorovul chiqishlari namoyish etildi.

Tadbirda o‘quv yig‘inida faol ishtirok etgan yoshlarga tegishli sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, harbiy-o‘quv yig‘ini davomida o‘tkazilgan sport musobaqalarida g‘olib bo‘lgan yoshlar munosib taqdirlandi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri