French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jasorat kasb emas, hayot mezoni
14:12 / 2026-01-09

Eng buyuk jasorat ma’naviy jasoratdir. Uning asl mohiyati shovqinli maydonlarda emas, balki inson qalbida kechadigan tinimsiz kurashda namoyon bo‘ladi. Qiyinchiliklarni yengib, poklik va ulug‘vorlikni asrab qolish, nafsi va manfaatidan ustun kelish mana shu haqiqiy jasoratdir. Tabiatda har bir jonzot yashash va naslni davom ettirish uchun kurashadi. O‘simlik tosh qotgan yer bag‘rini yorib chiqadi, hayvon hayoti uchun jon talashadi. Inson hayoti ham kurashdan iborat. Ammo insonni boshqa mavjudotlardan ajratib turadigan eng buyuk ne’mat aql va ruhiyatdir. Inson nafaqat jismi bilan, balki ma’naviy olami, e’tiqodi va vijdoni bilan yashaydi. U ongli hayot kechirish uchun ichki mezonlarga, axloqiy tamoyillarga suyanadi.

Shu bois insoniyat tarixida dunyo doimo yorug‘lik va zulmat, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash sifatida talqin etilgan. Qadim ertak va rivoyatlarda qahramonlar har doim oson va naf keltiradigan yo‘lni emas, balki mashaqqatli, ammo adolatli yo‘lni tanlaydi. Bu tanlov insonning ma’naviy qudratini, o‘z huzur-halovatidan kecha olish qobiliyatini anglatadi. Haqiqiy qahramonlik bir martalik jasorat emas. Har kuni, har soatda fidoyi bo‘lish, o‘zini tomchi-tomchi buyuk maqsadlar sari safarbar etish, mas’uliyatni kundalik hayot mezoniga aylantira olishdir. Yaqinlari, jamiyati, Vatani uchun yonib yashash, zarurat bo‘lsa, o‘zini unutish ana shu jasoratning eng yuksak ko‘rinishidir.

Tarix shuni ko‘rsatadiki, insoniyat taraqqiyotini aynan shunday odamlar olg‘a siljitgan. Halok bo‘lishini bila turib, yorug‘lik sari parvoz qilganlar, adolat va haqiqat yo‘lidan chekinmaganlar tarix g‘ildiragini harakatga keltirgan. Ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyotdagi buyuk yutuqlar ham aynan ma’naviy jasorat mahsulidir. Ezgulik uchun kurashish, haqiqatdan voz kechmaslik, e’tiqodiga xiyonat qilmaslik bularning barchasi inson ruhining g‘alabasidir.

O‘zbek xalqining tarixida ham bunday jasorat maktabi asrlar davomida shakllangan. Erk va ozodlik, Vatan sha’ni, xalq or-nomusi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimiz ma’naviy jasoratning yorqin timsolidir. Ularning jasorati qurol bilangina emas, balki qat’iyat, sadoqat va vijdon bilan o‘lchanadi.

XX asr sinovlarida ham xalqimiz orasidan ana shunday fidoyilar yetishib chiqdi. Qatag‘on, tazyiq va tahdidlar qarshisida bukilmagan ziyolilar millat oriyatini saqlab qoldi. Shaxsiy manfaatdan kechib, xalq kelajagi uchun kurashish ham jasoratning eng oliy shaklidir.

Bugun bu tushuncha yanada teran ma’no kasb etmoqda. Vatan himoyasi shunchaki kasb emas, balki hayotiy pozitsiya, e’tiqod va mas’uliyatdir. Har bir askar va ofitserning ortida bedor tunlar, og‘ir mashg‘ulotlar, sabr-toqat va o‘zini tiyish bor. Ular tinch hayotimizning ko‘rinmas, ammo mustahkam tayanchidir.

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni ana shu hayot mezonini tanlagan insonlar sharaflanadigan muqaddas sana. Chunki jasorat lavozim yoki unvon bilan emas, balki insonning butun hayotiga singib ketgan ma’naviy tanlov bilan belgilanadi. Va ana shu tanlov haqiqiy qahramonlikdir.

 

Dildoraxon Yangiboyeva,

Jamoat xavfsizligi universiteti oʻqituvchisi

psixologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)