Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Jasorat” – buyuk ajdodlarimiz jasoratidan so‘zlaydi
19:39 / 2025-08-27

Poytaxtimizda joylashgan G‘alaba bog‘idagi “Millat fidoyilari” xiyobonida “Jasorat” kitoblar to‘plami taqdimoti o‘tkazildi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya tizimidagi oliy harbiy o‘quv yurtlari kursantlari, shuningdek, mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan taqdim etilgan mazkur to‘plamda buyuk jasorat sohiblari – Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Mahmud G‘aznaviy, Shohruh Mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdullaxonning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq qimmatli ma’lumotlar jamlangan. 

Ta’kidlanganidek, to‘plamdagi kitoblar buyuk ajdodlarimizning hayoti, ibratli hayot yo‘li, Vatan himoyasi yo‘lidagi fidoyiligi va jasoratini bayon etgan. Undagi har bir satr tomirlarida ulug‘ bobolar qoni oqayotgan millat farzandlarini yuksak maqsadlar sari intilib yashash ezgu fazilat, oliy burch ekanini yodda tutishga, eng muhimi Vatanni sevishga undaydi. 

[gallery-24997]

Kitoblar matni sarkardalar hayoti va faoliyati bilan bog‘liq ilmiy materiallar asosida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi olimlari, professor-o‘qituvchilar tomonidan shakllantirildi hamda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etishga tayyorlandi.

To‘plamda Amir Temur (muallif tarix fanlari doktori, professor Omonulla Bo‘riyev), Jaloliddin Manguberdi (muallif katta ilmiy xodim Nuryog‘di Toshov), Zahiriddin Muhammad Bobur (muallif dotsent Otabek Jo‘raboyev), Temur Malik (muallif dotsent Husniddin Mamadaliyev), Shohrux Mirzo (muallif dotsent Xurshid Fayziyev), Mahmud G‘aznaviy (muallif dotsent Umida Kuranbayeva), Abdullaxon II (muallif dotsent Akbar Zamonov)ning hayoti, faoliyati, harbiy salohiyati, asarlarining mazmun-mohiyati, g‘oya va qarashlari o‘z ifodasini topgan.

Kitob yoshlarni qiziqtirishi hamda o‘qishga qulay bo‘lishi uchun A6 format (cho‘ntak kitob shaklida)da chop etilgan. Har biri 10 ming nusxada chop etilgan ushbu nashrlarni ta’lim muassasalari, vazirlik, idora va tashkilotlar kutubxonalariga yetkazish ko‘zda tutilgan. 

“Jasorat” to‘plami kitobxonlar, jumladan, yoshlarni o‘z xalqining buyuk o‘tmishidan g‘ururlanishga, ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishga undab, ularda Vatan kelajagi uchun mas’uliyat hissini shakllantirishga xizmat qiladi. 

Kamola Yusupova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA