O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Milliy kino san’ati saroyida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hamda Jamoat xavfsizligi universiteti bilan hamkorlikda suratga olingan “Jasorat” badiiy filmi premerasi bo‘lib o‘tdi.
“Jasorat” deb nomlangan mazkur film harbiy hayot asosiga qurilgan. Undagi voqealar rivoji Qurolli Kuchlar tizimidagi osoyishtalik posbonlarining el-yurt hayoti xavfsizligi yo‘lidagi xizmatlariga bag‘ishlangan bo‘lib, ularning fidoyiliklari ta’sirchan epizodlarda berilgan. Filmda gender tenglik masalasiga ham alohida urg‘u berilgan. O‘zbek xotin-qizlarining Vatan, uning tinchligi yo‘lida qanchalar yonib yashashlari, olam havas qilgulik darajadagi pokizaliklari mavzu rivojiga asos qilib olingan.
O‘zbek kino san’atining qator iste’dodli ijodkorlari ishtirokida taqdim etilayotgan filmning suratga olish jarayonlari O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining sport majmuasida, o‘quv binolarida, shuningdek, murakkab iqlim sharoitida dala o‘quv maydonlarida kechdi. Unda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va oliy harbiy ta’lim dargohi kursantlari ham turli epizodlarda ishtirok etishgan.
Film nomi – “Jasorat”. Bu degani faqat jismoniy kuch emas, balki, qo‘rquv, og‘riq va og‘ir sinovlar jarayonida namoyon bo‘ladigan ruhiy matonat va iroda talqini. Asar markazida bosh qahramon Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti kursanti Komila turadi. U xalq xizmati yo‘lida qat’iyatli va jasur, biroq uning hayotida xavfli sir mavjud. Bu sir oshkor bo‘lsa, u ham o‘qishidan, ham hayotidagi eng muhim sport sinovi — triatlon saralashidan mahrum bo‘ladi. Qattiq intizom, raqobat va bosim ostida Komila eng og‘ir jangni — burch, sadoqat va jasoratga yo‘g‘rilgan o‘z jismi va ruhiy olami bilan kurashni boshdan kechiradi. Bu kabi vatanparvarlik haqidagi filmlar har bir tamoshabinda yurtga muhabbat, faxr va mas’uliyat tuyg‘ularini kuchaytiradi, jasorat, fidoyilik, sadoqat, hamjihatlik kabi fazilatlarni shakllantiradi. Ushbu film har bir tomoshabin ko‘nglidan alohida joy olishiga ishonamiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gRaj-PYB2Pg" title="“Jasorat” badiiy filmi premerasi bo‘lib o‘tdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Salimjon Obidjonov, O‘zA