O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida “Jarrohlik, transplantologiya va immunologiyaning dolzarb savollari” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Rossiya tibbiyot akademiyasi akademigi O‘ktam Aripov xotirasi va Markaziy Osiyoda ilk bor buyrak ko‘chirib o‘tkazilganining 50 yilligiga bag‘ishlandi.
Anjumanda qorin bo‘shlig‘i a’zolarining kasalliklarini zamonaviy diagnostikasi, jarrohlik yo‘li bilan davolashning jihatlari, transplantatsiya immunologiyasi, immunogenetika, odam kasalliklarining immunologik jihatlari, buyrak va jigar transplantatsiyasining dolzarb masalalari mavzusida ma’ruzalar tinglandi.
Tadbir doirasida mutaxassislar jarrohlik, transplantologiya va onkologiya bo‘yicha fikr almashdi. Yosh olimlar va shifokorlar uchun “Immunologlar maktabi” o‘quv-seminari tashkil etildi. Anjumanda mahalliy olimlar bilan bir qatorda Avstriya, Ozarbayjon, Belaruc, Qozog‘iston, Koreya, Rossiya, AQSH, Fransiya kabi 20 ga yaqin davlatdan 50 ga yaqin xorijiy mutaxassis ishtirok etdi.
Xalqaro tadbirda olimlar, shifokorlar, talabalar o‘rtasida professional ma’lumot almashish uchun qulay maydon yaratildi. Unda ko‘tarilgan har bir mavzu sog‘liqni saqlash sohasidagi muammoli masalalarni yechishga, soha xodimlarining intellektual salohiyatini oshirishga qaratildi.
Ma’lumot o‘rnida, 1972 yilda Toshkent shahrida O‘ktam Aripov rahbarligida O‘zbekistonda ilk bor surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigan bemorga buyrak ko‘chirib o‘tkazilgan. Olimning transplantatsiya immunologiyasi, jarrohlik va nefrologiyaga qo‘shgan hissasi beqiyos. Sohada o‘ziga xos maktab yaratgan.
D.Mamatova, O‘zA muxbiri