Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jarrohlik amaliyoti zamonaviy uskuna yordamida o‘tkazilmoqda
14:17 / 2019-10-14

Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali shifokorlari Beshariq tumanida mahorat darslari tashkil etdi.


Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali shifokorlari Beshariq tumanida mahorat darslari tashkil etdi.

Farg‘ona viloyatida ham ixtisoslashgan tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish, markazlarning malakali mutaxassislari tomonidan sayyor maslahatlar, hududlardagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida murakkab operatsiyalar va mahorat darslari o‘tkazish borasidagi ishlar natijasida tibbiy xizmat sifati oshmoqda.

Xususan, Beshariq tumanida aholi salomatligini asrash, tibbiy maskanlarni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash borasida aniq chora-tadbirlar belgilab olingan. 2013 yili barcha bo‘lim va tibbiy xizmatlarni o‘zida mujassamlashtirgan tibbiyot majmuasi qurilishi boshlangan edi. O‘tgan vaqt mobaynida bu borada belgilangan vazifalar ijrosi, qurilish-bunyodkorlik ishlari uchun 40 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. “Salomatlik-3” loyihasi doirasida zamonaviy tibbiy jihoz va uskunalar o‘rnatilmoqda.

Hozirda shoshilinch tez tibbiy yordam, tug‘ruq majmuasi, markaziy laboratoriya, bolalar, jarrohlik va terapiya bo‘limlari samarali faoliyat ko‘rsatayotir. Malakali shifokorlar aholi xizmatida. Ilgarilari oddiy jarrohlik amaliyoti uchun viloyat markaziga borilar edi, bugun esa murakkab jarrohlik amaliyoti ham shu yerning o‘zida amalga oshirilmoqda.

Yaqinda tibbiyot majmuasiga zamonaviy laparoskopik uskuna olingani ham katta imkoniyatlarni yaratmoqda. Tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori o‘rinbosari Abduqayum To‘xtaqulovning aytishicha, bugungi kunda qorin bo‘shlig‘i va ko‘krak qafasida uchraydigan xastaliklar laparoskop yordamida operatsiya qilinmoqda. Bu usulning eng muhim afzalligi shundan iboratki, terida operatsiyadan keyingi jarohatlar, chandiqlar bo‘lmaydi, bemor shu kuniyoq oyoqqa turadi va qisqa vaqtda uyiga ketish uchun ruxsat beriladi. Operatsiyadan keyingi asoratlar bir necha marotaba qisqaradi.

– Aholini tibbiy xizmatdan rozi qilish barchamizning muhim vazifamizga aylangan, – deydi Respublika bosh jarrohi, tibbiyot fanlari doktori, professor Mirshavkat Akbarov. – Xususan, abdominal xirurgiya sohasida ham jiddiy ishlarga qo‘l urilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi va bevosita topshirig‘i asosida mamlakatimizda ilk bor dunyo tibbiyotida eng murakkab va nozik amaliyot hisoblangan organlar transplantatsiyasi bo‘yicha zamonaviy operatsiyalar amalga oshirilmoqda. Buyrak, jigar ko‘chirish kabi operatsiyalar qilinmoqda. Bir yilda abdominal xirurgiyasi bo‘yicha mamlakatimizda 200 mingga yaqin operatsiyalar o‘tkaziladi. Endilikda chekka hududlarda ham jahondagi ilg‘or texnologiyalar asosida jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bugun biz Farg‘ona viloyatidagi xirurglarga amaliy seminar va mahorat darslarini o‘tib, sohadagi yangiliklar bilan tanishtirmoqdamiz.

Shu kuni yangi laparoskop yordamida o‘t qopini olib tashlash va kindik churrasini bartaraf qilish operatsiyalari o‘tkazildi. Xirurgiya sohasidagi ilg‘or yutuqlar xususida ma’ruzalar tinglanib, fikr-mulohazalar almashildi.