Navoiy viloyati prokurori 2-sektor rahbari tashabbusi bilan joriy yilning o‘tgan davrida ehtiyojmand, nogironligi bor 21 nafar fuqaroda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Bu jarrohlik amaliyotlariga Xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashi qaroriga asosan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan 477 million so‘m mablag‘ ajratildi. bugungi kunda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan fuqarolar tibbiyot xodimlari nazoratida. Shu bilan birga turli tashkilotlar vakillari ham ularning holidan xabar olmoqda.
Jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan Navbahor tumani “Navkar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi 2-guruh nogironi Zulfizar Ochilova xonadoniga borib xolidan habar olindi. Z.Ochilova bolaligidan yurak tug‘ma nuqsoni, qorinchalararo to‘siq nuqsoni asorati bilan kurashib kelar edi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan fuqaroda qorinchalararo to‘siq defektini bartaraf etish jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi.
Keyingi manzil “Xashman” mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘ldi. Bu mahallada 2-guruh nogironi Gulbahor Oripova yashaydi.
– Shifokorlar tomonidan ikki tomonlama son suyagi boshchasining tug‘ma chiqishi tashxisi qo‘yilgan edi, – deydi G.Oripova. – “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi ko‘magida chanoq-son bo‘g‘imini endoprotezlash amaliyoti o‘tkazildi. Hozirda ahvolim yaxshi. Shifokorlarning aytishicha, tez orada yana avvalgidek harakatlanishim mumkin ekan.
Uchrashuvlar so‘ngida fuqarolarga fond tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA