English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakun topdi
12:44 / 2025-12-26

Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida to‘rt kunlik chaqaloqda orqa bel sohasidagi churra bilan bog‘liq noyob neyroxirurgik jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

–  Bu turdagi amaliyotlar ilgari 8–9 oylik va 1–2 yoshlik chaqaloqlarda amalga oshirilgan, ammo yangi tug‘ilgan chaqaloqda bu turdagi jarrohlik dunyoda ham nodir holatlardan biri hisoblanadi deb ta’kidlaydi neyroxirurg Shuhrat Qilichev. –  To‘rt kunlik chaqaloqda bu turdagi amaliyotni o‘tkazish nafaqat neyroxirurg va anesteziologdan yuqori darajadagi bilim va mahorat, balki eng yuqori tayyorgarlikni ham talab etadi. Chaqaloqning kichik organizmidagi fiziologik xususiyatlar, qon aylanishi va nafas olish tizimining barqaror emasligi, mushak va suyak tuzilmalarining nozikligi bu jarayonni yanada murakkablashtiradi.

Ilgari bu turdagi jarrohlik faqat poytaxtdagi Respublika neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirilardi. Bu nafaqat bemor bola yaqinlariga qiyinchilik tug‘dirar, balki uzoq masofa bolaning salomatligiga ham ta’sir qilishi mumkin edi. Endi esa bu turdagi amaliyot Sirdaryoda ham muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yildi.

Amaliyotda neyroxirurg Shuhrat Qilichev, anesteziolog Anvar Muhammadiyev, reanimatsiya bo‘limi mudiri Sherali O‘ngarov, chaqaloq reanimatologi Sherzod O‘sarov, shuningdek Respublika neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi neyroxirurgi, tibbiyot fanlari nomzodi Igir Yugaylar hamkorlikda ish olib borishdi.

Amaliyot davomida chaqaloqning orqa bel sohasidagi churra va uning atrofidagi to‘qimalarning nozik tarkibi, kichik organizmning fiziologik xususiyatlari va qon aylanishi tizimi hisobga olindi. Jarrohlik jarayonida yuqori texnologiyali zamonaviy usullar qo‘llanildi, bu esa operatsion xavfsizlikni maksimal darajaga olib chiqdi.

Bunday turdagi amaliyotlar nafaqat chaqaloqning salomatligini tiklash, balki neyroxirurgik muammolarni bartaraf etishda ilmiy va amaliy qimmatga ega. Shuningdek, mahalliy darajada ularni o‘tkazish nafaqat bemor  yaqinlarini xursand qiladi, balki mamlakatning hududiy tibbiyot muassasalarida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va zamonaviy jarrohlik texnologiyalarini joriy etishda ham muhim qadam hisoblanadi.

–  Qizim Solihaning bel orqa sohasidagi churra homiladorligimning 9 oyida skrining tekshiruvidan so‘ng ma’lum bo‘ldi. Respublika ixtisoslashtirilgan onalik va bolalik salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo filialining malakali akusher-ginekolog va neonatologlari yordami bilan churra kesarcha yo‘l bilan olib tashlanib, farzandimning hayoti saqlab qolindi.  Endi farzandim sog‘lom, bu uchun shifokorlarga rahmat aytaman, –  deydi xovoslik Dildora Rabbimqulova.

Ta’kidlanishicha, bu muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyoti Sirdaryo viloyatida yangi tug‘ilgan bolalarning salomatligi va hayotiga zamonaviy tibbiyot vositalari orqali xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi va bunday ishlarning kelajakda ham davom etishi rejalashtirilgan.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri