Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tdi
08:55 / 2023-02-22

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida ilk marotaba yurakka uch kamerali kardioresinxronlovchi terapiyali kardioverter-defibrillyator (CRT) apparati o‘rnatildi.

Ushbu apparat yurak yetishmovchiligini davolash va hayot uchun xavfli aritmiyalar, qorincha taxikardiyasi yoki qorincha fibrilatsiyasini bostirish uchun mo‘ljallangan kombinatsiyalangan qurilma hisoblanadi.

– Yuqori texnologiyali murakkab operatsiyani bajarish uchun 30 daqiqa yetarli bo‘ldi, – deydi markaz direktori Tohir Musoyev. – Narkozsiz, jarohatsiz va atigi ikki santimetrli kesma bilan 64 yoshli Gafur Sharipov og‘ir xastalikdan xalos bo‘ldi.  

Bemor bir necha yildirki havo yetishmaslik hissi, tez charchash, hansirash, kuchli umumiy holsizlik kabi shikoyatlar bilan poytaxt va xorijiy klinikalarda davolangan.  Ayni paytda bemor o‘zini juda yaxshi his qilmoqda va tibbiyot xodimlaridan minnatdor.

CRT funksiyasiga ega yurak stimulyatorlari yurakning sinxron qisqarishini tiklashga va natijada yurak yetishmovchiligi bilan bog‘liq alomatlarni yo‘q qilishga qodir. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, CRT implantatsiyasidan so‘ng bemorlarning umumiy ahvoli yaxshilanadi, jismoniy zo‘riqishlarga chidamliligi oshadi.

Zarif Komilov,

O‘zA