English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jarqo‘rg‘onlik ota farzandi uchun bir yo‘la 190 million so‘m aliment pulini to‘ladi
13:15 / 2022-06-04

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2021 yil apreldagi sud buyrug‘iga asosan Mansur Jafarovdan voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.

Mazkur hujjat asosida MIB Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limi xodimlari majburiy ijro harakatlariga kirishib, ajrim yoqasida turgan oila vakillari bilan suhbatlashdi. Voyaga yetmagan begunoh farzandning kelajagi uchun o‘zaro kelishmovchiliklarga chek qo‘yish va yarashish taklifi o‘rtaga tashlandi. Biroq, oilani qayta tiklash bo‘yicha qilingan harakatlar samarasiz kechgan bo‘lsa-da, qarzdor ota farzandining voyaga yetgunga qadar bo‘lgan aliment pulini oldindan to‘lab berish imkoniyati borligini ma’lum qildi. 

– Otaning bu taklifi inobatga olinib, davlat ijrochisi bir nafar voyaga yetmagan farzandning 18 yoshgacha bo‘lgan aliment miqdorini hisoblab berdi, – deydi MIB Jarg‘on tumani bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Odil Xo‘jayev. – Shundan so‘ng qarzdor ota sobiq turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishib, jigarbandining voyaga yetgunga qadar hisoblangan 190 million so‘m aliment pulini bir yo‘la  to‘lab berdi.

Hujjatlar notarial tartibda rasmiylashtirilgach, Byuroning tuman bo‘limi ijro hujjatini muddatidan oldin tugatib, qarzdorga  qo‘llanilgan barcha cheklov choralarini bekor qildi.


                                            Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA