Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jarqo‘rg‘onda yo‘l-patrul xizmati xodimiga pora taklif qilgan haydovchi ushlandi
11:28 / 2022-03-23

Surxondaryo viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l- patrul xizmati inspektori, safdor E.Nurmamatov Jarqo‘rg‘on tumanidagi Kakaydi qo‘rg‘onida xizmat vazifasini bajarayotganida “Neksiya” rusumli yengil avtomashina harakatidan shubhalanib uni to‘xtatadi. Haydovchi bilan suhbatlashganida undan spirtli ichimlik hidi kelayotganini sezgan inspektor uni xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan “Alkotestor” moslamasi orqali tekshiradi.

Haydovchi A.S.ning mast holatda ekani aniqlangach, yo‘l harakati qoidalarining tegishli bandiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, transport vositasini vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtiradi. 

Yo‘l-patrul xizmati inspektori jarima maydonidan chiqayotganida A. S. unga nisbatan chora ko‘rmasdan avtomashinani jarima maydonidan chiqarib berishni so‘rab, safdorga 300 dollar miqdorida pora taklif qiladi. Inspektor bu taklifning qonunga zid ekanini qayta-qayta tushintirishiga qaramay, fuqaro uch yuz “ko‘kini” taklif qilishda davom etadi. Shundan so‘ng safdor E.Nurmatov viloyat IIB boshlig‘iga murojaat etib, pora taklif qilgan haydovchiga nisbatan tegishli chora ko‘rishni so‘raydi. Mazkur bildirgi asosida viloyat ichki ishlar boshqarmasi va tuman prokuraturasi xodimlari tumanning Ismoiltepa mahallasidagi jarima maydoni yonida tezkor tadbir o‘tkazib, A.S.ni YPX inspektoriga 300 dollarni pora sifatida berayotganida qo‘lga oladi. 

Ushbu holat protsessual tartibda rasmiylashtirilib, ayni paytda Jarqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bu haqda O‘zAga xabar bergan viloyat ichki ishlar boshmarmasi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida vohada haydovchilar yo‘l harakati qoidalarini buzganida qo‘lga tushgani uchun YPX xodimlariga olti marta pora taklif qilgan. Qoidabuzar haydovchilarning bu harakatlariga qonun doirasida chora ko‘rilmoqda. 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri