Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jarohat olganlar muolaja olmoqda
15:13 / 2025-12-03

Ilgari xabar berganimizdek, Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida joylashgan bozor hududidagi ovqatlanish shoxobchasida 2 dekabr kuni gaz portlashi natijasida yong‘in sodir bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Sirdaryodagi portlash natijasida jami 29 nafar fuqaro jabrlangan.

Ulardan 26 nafari shifoxonaga yotqizilgan, 3 nafar fuqaroga esa ambulator yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.

Hodisadan so‘ng Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov rahbarligidagi kombustiolog, reanimatolog, neyroxirurg, xirurg, travmatolog va mikroxirurglardan iborat malakali guruh Sirdaryoga yetib kelib, jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatmoqda.

Tibbiy muassasa ma’lumotlariga ko‘ra, o‘ta og‘ir ahvolda qabul qilingan 3 nafar bemor vafot etgan. Hozir yana 1 nafar bemorning ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lib, sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan. Shuningdek, 5 nafar bemorning ahvoli “barqaror og‘ir” deb baholanmoqda,  ular hushyor va mustaqil nafas olmoqda.

Qolgan bemorlar orasidagi ikki nafar homilador ayol Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola markazining Sirdaryo filialiga ko‘chirilgan. Ularning ahvoli qoniqarli. Qolgan 15 nafar fuqaro ham tegishli bo‘limlarda muolaja olmoqda. Shifoxonada zarur dori-darmonlar yetarli miqdorda mavjud.

Sirdaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumot berishicha, hodisa yuzasidan 3 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov doirasida bir nafar shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Hozirda voqea yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri