O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonuniga ko‘ra, qator ma’muriy javobgarliklar uchun yengilliklar ko‘zda tutilmoqda.
Misol uchun, muddati o‘tgan sug‘urta polisi yoki sug‘urta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi uchun jarima miqdori ikki baravarga (122,5 ming so‘m) kamaytirilmoqda. Transport vositalari egalari tomonidan sug‘urta polisini olmaganlik uchun jarima fuqarolar uchun ikki baravarga (122,5 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa uchdan bir qismga (490 ming so‘m), yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shug‘ullanganlik uchun jarima miqdori (fuqarolar uchun 1,715 mln. so‘m, mansabdor shxslar uchun 7.35 mln. so‘m) uch baravarga kamaytiriladi.
Pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori ikki baravardan ham ko‘proqqa kamaytiriladi. Transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarga bluetooth, quloqchin va boshqa qo‘lni band qilmaydigan garnituralar foydalanishga ruxsat berilmoqda.
Transport vositasi salonining old qismiga o‘zboshimchalik bilan monitor (displey) o‘rnatish uchun javobgarlik bekor qilinmoqda.
Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganda tezlikni o‘lchaydigan maxsus uskunalar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 kilometr ayirib tashlab hisoblash belgilanmoqda.
Transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari, sug‘urta polisi va texnik pasporti yonida bo‘lmagan haydovchilarga, O‘zbekistonda berilgan shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida transport vositalarini boshqarish huquqi berilmoqda. Bunda ushbu hujjatlar mavjudligi DYHXX xodimi tomonidan elektron tizim orqali transport vositasi to‘xtatilgan joyda mustaqil tekshiriladi.
Mazkur yangilikni amaliyotga joriy qilish maqsadida Ichki ishlar vazirligiga kerakli integratsiya ishlarini 2021 yil 1 dekabrga qadar yakunlash vazifasi yuklatilmoqda.
M.Toshqorayeva,O‘zA