Namangan viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan turar joylardan foydalanish va ularni saqlash qoidalariga rioya etilishini o‘rganish maqsadida muntazam reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, viloyat markazidagi “Samarqand” ko‘chasida qad rostlagan o‘n qavatli turarjoy qurilishi bino bitishi arafasida to‘xtatildi. O‘rganishlar chog‘ida pudratchi tashkilot – “M.Q. S.S.” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan olib borilgan ishlar sifatsiz bajarilgani aniqlandi. Qavatlar soni bittaga oshirib yuborilgan.

Inspeksiyaning jamiyat rahbari B.A. nomiga ogohlantirish xati yuborilishiga qaramasdan vaziyat o‘zgarmagan. Talab bajarilmagach, ish sudga oshirilgan va sud tomonidan loyihaga zid ravishda qo‘shilgan o‘ninchi qavatni olib tashlash haqida qaror chiqarilib, uning ijrosiga kirishildi.

Ba’zi bosh pudratchilar tomonidan masalaga jiddiy yondashilmayotgani, o‘zboshimchalik bilan noturar ob’ektni konstruksiyalarini qo‘pol tarzida buzganligi kuzatilmoqda. Jumladan, Namangan shahrining “Uychi” ko‘chasida qad rostlagan 12-ko‘p qavatli binoning birinchi qavatidagi noturar qismida qalinligi 40 santimetr bo‘lgan asosiy yuk ko‘taruvchi va xonalarni ajratib turuvchi parda devorlar tadbirkor tomonidan o‘zboshimchalik bilan buzib tashlangan. Buning oqibatida, binoning zilzilaga bardoshligiga jiddiy ziyon yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan huquqbuzar fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasi uchinchi qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblashning 50 barobari miqdorida jarima tayinlandi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyul oylari davomida Namangan viloyati bo‘yicha 905 ta qurilish ob’ektida ish to‘xtatilgan bo‘lsa, 59 tasi muzlatilgan. Sohada aniqlangan huquqbuzarliklar uchun tegishli mutasaddilarga nisbatan 1,3 milliard so‘mdan ziyod jarima qo‘llanilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.