English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jarima to‘langach fuqaro jazodan ozod etildi
12:01 / 2022-01-13

Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga ko‘ra, agar hukm qilingan shaxs jazo tariqasida tayinlangan jarimani majburiy ijro etish uchun belgilangan muddatlarda to‘lashdan bo‘yin tovlasa sud jarimaning to‘lanmagan miqdorini majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, xizmat bo‘yicha cheklash, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirilishi belgilangan.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi Namangan tumani bo‘limi ish yurituvida aynan sudlar tomonidan qo‘llanilgan jinoiy jarimalarni to‘lash bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini ta’minlash borasida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Fuqaro Sh.Q. ga jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tumani sudining 2021 yil 16 iyundagi hukmiga asosan Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 2 yil ozodlikni cheklash va bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida, ya’ni 66 million 900 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi. Mazkur jarimani undirish Byuroning tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushadi.

– Ushbu masala yuzasidan qarzdorga ixtiyoriy muddatda to‘lash bo‘yicha imkoniyat berdik, biroq fuqaro bu imkoniyatni su’istemol qilib, qarzdorlikni bartaraf etmadi, – deydi MIB Namangan tuman bo‘limi boshlig‘i Akmal Ikromov. – Ish majburiy harakatlarga qaratildi. Ammo qarzdorda undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulk mavjud emasligi sababli sudga taqdimnoma kiritildi. 2021 yilning 7 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida taqdimnoma qanoatlantirilib, Sh.Q tomonidan to‘lanmagan katta miqdordagi jarima jazosi 1 yilu 6 oy 7 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi. Shundan so‘ng mahkum va uning qarindoshlari qarzdorlikni bartaraf etdi. Apellyatsiya tartibida shikoyat qilib, jarimani to‘liq to‘lagani sababli ozodlikdan mahrum qilish jazosini bekor qilish so‘raldi.

Apellyatsiya sudlov hay’ati shikoyatni atroflicha ko‘rib, jarima to‘liq to‘langanini hisobga olgan holda qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi bekor qilinib, fuqaro ozod qilindi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA