Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
JАRIMА: 15 kun ichida 50 foizini, 30 kun ichida 70 foizi ixtiyoriy toʼlansa, qolgan qismini toʼlashdan ozod qilinishi mumkin
12:06 / 2023-04-07

Sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bundan uch yil avval 15 kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishiga oid soddalashtirilgan tartibning amalga kiritilishi o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatdi.  

Biroq, ushbu soddalashtirilgan tartibning sud tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga nisbatan tatbiq etilmasligi, shuningdek, amalda ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar uchun belgilangan jarima miqdorining yuqoriligi fuqarolarga iqtisodiy tomondan qiyinchiliklar tug‘dirib kelayotgan edi. Bu esa, o‘z navbatida, ma’muriy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lashda qiyinchilik keltirib chiqarayotgan edi.  

Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilingan «Ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 332-1-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi qonun bilan jarimalar bilan bog‘liq yengillik yaratilmoqda.  

Qonun bilan huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini, 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lasa jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishi belgilanmoqda.  

Eng asosiysi, mazkur tartib endilikda sud qarorlariga asosan qo‘llaniladigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etilishi ko‘zda tutilmoqda.  

Senat Raisi Tanzila Norboyeva mazkur masala bo‘yicha fikr bildirib, jamiyatimizda huquqbuzarliklar kamroq bo‘lishini yoki umuman bo‘lmasligini istaymiz, jarimalar ham aslida shu preventiv maqsadda qo‘llaniladi, deb ta’kidladi. 

Agar inson o‘zi sodir etgan huquqbuzarlikni tan olib, javobgarlikni to‘g‘ri anglab, jarimalarni ixtiyoriy ravishda tez vaqtda to‘lasa, davlat, qonunlar orqali unga yon bosishi, imkoniyat, yengillik berishi kerak. Shu jihatdan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan bunday normadan asosiy maqsad aholiga, odamlarimizga yengillik yaratishdir.  

Senatorlar ma’qullagan qonun natijasida ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda ularning jarima yukini yanada kamaytirish orqali pul mablag‘larining iqtisod qilinishi va jarimalarni ijro etish tizimini yanada soddalashtirishga erishiladi.  

Norgul Abduraimova, O‘zA