O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Nodira Rashidova Qoraqalpog‘iston Respublikasining qator hududlarida bo‘lib, joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, bunyodkorlik ishlari hamda aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi bilan tanishdi.
Dastlab Chimboy tumani hokimi Aybek Tajetdinov bilan suhbat davomida hududni kompleks rivojlantirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, tumanda barpo etilayotgan turar joylar, ijtimoiy soha ob’ektlari va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridagi qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, tashrif doirasida “Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, Sh.Rashidov ko‘chasidagi obodonlashtirish loyihalari hamda qator ijtimoiy-maishiy ob’ektlar faoliyati o‘rganildi. Loyihalarning ijrosi, sifati va aholi uchun yaratayotgan qulayliklari yuzasidan mutasaddilar axborot berishdi.
Hududning ishlab chiqarish salohiyati ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Xususan, deputat “HD SONS” xorijiy korxonasida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari, korxona faoliyati hamda ishchilar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari bilan tanishdi. Korxona xodimlari bilan muloqot o‘tkazib, ularning fikr va takliflarini tingladi.

Bulardan tashqari, deputat Vazirlar Mahkamasining 173-sonli qarori asosida amalga oshirilayotgan aholini ro‘yxatga olish jarayoni bilan tanishdi. Ushbu ishlar “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi hamda “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonunlar talablari asosida olib borilayotgani qayd etildi.
Deputatning navbatdagi manzili Nukus shahridagi mahallalar bo‘ldi. Jumladan, “Qattag‘ar” va “Bayterek” mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyati o‘rganildi. Mahalla yettiligi bilan uchrashuvlarda aholi bilan manzilli ishlash holati, ijtimoiy muammolar, mahalla tizimi samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvlar davomida mahalla faoliyatini tashkil etishda yuzaga kelayotgan muammolar, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tinglandi hamda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Kegeyli tumani “Juzimbog‘” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Qozoyoqli-obod” qishlog‘i aholisi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ko‘tarilgan ichimlik suvi masalasi ham deputat e’tiborida bo‘ldi. Qishloqda 60 taga yaqin xonadon mavjud bo‘lib, aholi tomonidan bildirilgan murojaat yuzasidan tuman hokimi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muammoni hal etish choralari muhokama qilinib, aholini yaqin kunlarda toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi. Mazkur masala deputat nazoratiga olindi.

Umuman olganda, amalga oshirilgan tashriflar hududlardagi islohotlar ijrosini joyida o‘rganish, aholi murojaatlarini tinglash, mavjud muammolarga amaliy yechim topish hamda parlament nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri