Yurtimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida boshqa tashkilotlar xodimlari kabi Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi ham har tomonlama faollik ko‘rsatdi.
– Savolnomadagi barcha savollarga to‘liq va to‘g‘ri javob berish, ma’lumotlarni aniq ko‘rsatish ro‘yxatga olish natijalarining sifatli, ishonchli bo‘lishini ta’minlaydi, – deydi “NKMK” AJ Yoshlar yetakchilari kengashi raisi Temur Qalandarov.

Uning ta’kidlashicha, jarayon boshlanishidan oldin kombinatning ko‘p ming kishilik jamoasi o‘rtasida keng ko‘lamli tushuntirish ishlari olib borildi. Jumladan, “NKMK”AJ ning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, “Konchilar hayoti” gazetasi orqali turli axborot materiallari hamda videoroliklar e’lon qilindi. Shuningdek, ngmk.uz saytida maxsus sahifa ishga tushirilib, ro‘yxatdan o‘tish tartibiga oid batafsil ma’lumotlar joylashtirildi.

Olib borilgan tashkiliy ishlar o‘z samarasini berib, ro‘yxatga olishning ilk kunidanoq jamoa a’zolarining aksar qismi onlayn tarzda muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tdi. Bu jarayonda kombinat yoshlari faol ishtirok etdi.
Ishchi-xodimlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida “NKMK”AJ da Call-markaz tashkil etildi. U yerda malakali mutaxassislar ish kuni davomida ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha amaliy maslahatlar bermoqda.

– Ushbu jarayonni ilg‘orlar safida yakunlashni maqsad qilganmiz. Barcha yurtdoshlarimizni mamlakatimiz kelajagi uchun muhim bo‘lgan mazkur tadbirda faol ishtirok etishga chorlaymiz, – dedi T.Qalandarov.
Korxonada ro‘yxatdan o‘tish jarayoni uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA