Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Janubiy Sudan urush girdobida: Pokiston ogohlikka chorladi
14:55 / 2026-02-11

Janubiy Sudanda qurolli to‘qnashuvlar keskin kuchayib borar ekan, Pokiston tomonlarni 2018 yilgi tinchlik bitimiga sodiq qolishga va kelishmovchiliklarni diplomatik muloqot orqali hal etishga chaqirdi. Bu haqda “APP” axborot agentligi xabar berdi.

BMT xavfsizlik yig‘ilishida so‘zga chiqqan Pokistonning tashkilotdagi doimiy vakili Asim Ahmad Janubiy Sudan yana zo‘ravonlik girdobiga tushib ketishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

– Bu safar eng katta to‘lovni oddiy janubiy sudanliklar to‘laydi va jarayon butun mintaqaga ta’sir qiladi, – dedi u.

Vaziyat nega xavfli?

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda imzolangan yangilangan tinchlik kelishuvi amalda ishlamayapti. Asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasidagi ishonchsizlik qurolli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lmoqda. So‘nggi haftalarda ayniqsa, Jongley hududida janglar kuchayib, natijada 280 mingdan ortiq odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.

Shunga qaramay, Janubiy Sudandagi BMT missiyasi vaziyatni jilovlashga urinmoqda: patrullar o‘tkazilmoqda, tinch aholi himoya qilinmoqda, siyosiy vositachilik davom etmoqda. Moliyaviy tanqislik sabab esa missiya imkoniyatlari qisqarib bormoqda. Xavfsizlik Kengashi tasdiqlagan 17 ming harbiyning o‘rniga hozir atiga 9,7 ming nafari qolgan.

Mintaqaviy bosim ham kuchaymoqda

Qo‘shni Sudandagi urush ham vaziyatni og‘irlashtirdi. 2023 yil aprelidan beri 1,3 millionga yaqin odam Janubiy Sudanga boshpana izlab kelgan. Bu esa allaqachon zaif tizimlarga qo‘shimcha bosim bo‘lmoqda.

Pokiston vakili BMT tinchlikparvar missiyasi mandatini uzaytirish va a’zo davlatlar badallarni o‘z vaqtida to‘lashi zarurligini qayd etib, “hozir masofalanish emas, aksincha chuqurroq hamkorlik va siyosiy iroda kerak”, dedi u.

Janubiy Sudan 2011 yilda mustaqillikka erishgan bo‘lsa-da, 2013 yildan buyon ichki nizolar girdobida qolmoqda. 2018 yilgi bitim vaqtinchalik hukumat tuzilishiga yo‘l ochgan edi. Endi esa savol bitta: o‘lka yana keng ko‘lamli urushga qaytadimi yoki tomonlar murosaga keladimi?

Musulmon Ziyo, O‘zA