Shu kunlarda Janubiy Koreya Respublikasining Chungchongbuk-do provinsiyasi gubernatori Kim Yong Xvan boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Tashrif davomida poytaxtimizda ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes forum tashkil etildi. Shuningdek, Chungchongbuk-do provinsiyasining yetakchi kompaniya rahbarlarining mahalliy tadbirkorlar bilan yangi investitsiya loyihalari bo‘yicha “V2V” shaklidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo, iqtisodiy, ijtimoiy, fan, ta’lim, madaniy, gumanitar sohalarda hamkorlik yildan yilga rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Yangi investitsiya loyihalari bo‘yicha “V2V” shaklidagi muzokaralarida asosan kosmetika va gigiyena vositalarini ishlab chiqaruvchi koreyalik ishbilarmonlar o‘z mahsulotlarini namoyish etib, o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan sheriklikda ish boshlash taklifini o‘rtaga tashladi.
- O‘zbekistonda Koreyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarga, ayniqsa, parfyumeriyaga qiziqish juda yuqori ekan, -deydi “OLDAM” kompaniyasi menejeri Deizi Song. - O‘zbekistonliklar nafaqat bizning mahsulotlarimiz, balki Koreya madaniyati, tarixi haqida ham keng tushunchaga ega ekan. Bu bizga muloqot olib borishimiz va sheriklar topishimizda ancha yordam berdi. Biz asosan, mahsulotning ekologik tozaligiga e’tibor qaratamiz. Bu vositalar ishlatilib bo‘linganidan keyin ham tabiatga zarar yetkazmaydi. Suvda tez erib ketish xususiyatiga ega. Hozirgi kunda Mongoliya, Malayziya, Singapur singari davlatlar bilan hamkorlik qilib kelamiz. Bugungi uchrashuv esa O‘zbekiston bozoriga kirishimizda, hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yishimizda yordam bo‘ldi.

Ertaga delegatsiya vakillari Samarqand shahriga jo‘nab ketadi. U yerda “Zarmed” klinikasiga tashrif buyurib, sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. KOICA tomonidan barpo etilgan Kasb-hunar ta’lim markazi faoliyati bilan tanishadi.
Shuningdek, Chungchongbuk-do provinsiyasida joylashgan oliy ta’lim muassasalari va “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti o‘rtasida “K-International Student Program” dasturi bo‘yicha hamkorlikni o‘rnatish to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumini imzolash ko‘zda tutilgan.

Go‘zal Sattorova, O‘zA