Janubiy Koreyada sobiq prezident Yun Sok Yolga nisbatan jinoiy ish bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda. Mamlakat maxsus prokurori uni odil sudlovga to‘sqinlik qilganlikda ayblab, 10 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini talab qildi. DW tarqatgan xabarga ko‘ra, bu jazo Yunga qarshi ochilgan to‘rtta ishdan faqat bittasi doirasida so‘ralmoqda.
Ayblovga ko‘ra, Yun Sok Yol 2025 yil yanvar oyida hibsga olish paytida tergovchilarni chalg‘itish maqsadida prezident qarorgohiga berkinib olgan. Shuningdek, u harbiy holat joriy etish rejasini muhokama qilishda ayrim vazirlarni yig‘ilishga chaqirmagan, bu esa ularning huquqlari buzilishiga olib kelgan.
Prokuratura sobiq prezidentni xorijiy ommaviy axborot vositalariga yolg‘on ma’lumot tarqatganlik va harbiy rahbariyat foydalanadigan telefonlardan olingan suhbat yozuvlarini yo‘q qilganlikda ham ayblamoqda.
Bundan tashqari, ayblov tomoni Yunning harbiy holat joriy etish haqida soxta farmon tayyorlab, keyin uni yo‘q qilganini ma’lum qilgan. Prokuraturaga ko‘ra, sobiq prezident davlat idoralaridan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanib, qonun ustuvorligiga jiddiy putur yetkazgan. Ammo, Yun Sok Yol barcha ayblovlarni rad etmoqda.
Sud mazkur ish bo‘yicha qarorni 2026 yil 16 yanvar kuni chiqarishi kutilmoqda. Ayni paytda Yun harbiy holat joriy etishga urinish bilan bog‘liq yana uchta jinoiy ish bo‘yicha ham javobgarlikka tortilgan. Ulardan biri isyonga rahbarlik qilish ayblovini o‘z ichiga oladi va bu ish bo‘yicha hukm fevral oyida chiqarilishi mumkin.
Shuningdek, maxsus prokurorlar Yunni 2024 yil oktyabr oyida Shimoliy Koreya hududiga dronlar uchirishga buyruq berib, bu orqali mojaro qo‘zg‘atishga urinishda ayblamoqda. Tergov talqiniga ko‘ra, u shu yo‘l orqali harbiy holat joriy etish uchun bahona yaratishni ko‘zlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabr oyida Yun Sok Yolning harbiy holat e’lon qilishi mamlakatda siyosiy inqirozga sabab bo‘lgan. Parlament bu qarorni rad etgan, ortidan sobiq prezidentga impichment e’lon qilingan. Konstitutsiyaviy sud 2025 yil aprel oyida impichmentni tasdiqlagan. Shundan beri Yun bir necha bor hibsga olinib, ozod etilgan va keyin yana qayta hibsga olingan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kOF6FZVgYPM" title="Janubiy Koreyaning sobiq prezidentiga 10 yil qamoq jazosi so‘raldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA