Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimi 15 yilga qamalishi mumkin
19:38 / 2025-12-03

Prokurorlar sobiq prezident Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xiga aksiyalar narxini manipulyatsiya qilish, pora olish va parlament saylovlarida nomzodlarni tanlash jarayoniga noqonuniy aralashish kabi ayblovlar bo‘yicha 15 yillik qamoq jazosi, shuningdek, 2 milliard von (1,36 million dollar) miqdorida jarima talab qildi, deb xabar bermoqda “The Korea Times” nashri.

Ta’kidlanishicha, joriy yil iyul oyida sobiq birinchi xonimga qarshi 16 ta ayblovni tekshirish uchun maxsus advokatlar guruhi ish boshlagan va u dalillarni yo‘q qilishi mumkinligidan xavotirlanib, keyingi oy hibsga olingandi. 3 dekabr kuni Seulda Kimga qarshi sud majlisi bo‘lib o‘tdi

– Men o‘zimni nohaq his qilyapman, lekin egallab turgan lavozimimga nisbatan noto‘g‘ri ish qilganim rost, - dedi u o‘z bayonotida. – Jamoatchilikni tashvishga solayotganim uchun uzr so‘rayman.

2009-2012 yillar oralig‘ida bir guruh shaxslar o‘lkadagi “Deutsch Motors” kompaniyasi aksiyalari narxini manipulyatsiya qilib, 91 nomdagi 157 ta aksiya hisobidan foydalangan. Oliy sud aprel oyida ularning ayblovlarini tasdiqladi. Kim ham bu sxemaga aloqadorlikda gumonlanmoqda.

Shuningdek, huquqshunoslar ta’kidlashicha, u 2022 yilda diniy guruhni qo‘llab-quvvatlash evaziga Birlashish cherkovidan vositachi orqali hashamatli sovg‘alar, jumladan, qimmatbaho sumkalar va olmos taqinchoqlar ko‘rinishida pora olgan. 

Kim “o‘rtakash” orqali ikki marta qimmatbaho sumkalarni qabul qilib olganini tan olgan, biroq Birlashish cherkovi bilan bog‘liq ayirboshlashni rad etgan. Sobiq birinchi xonimning ta’kidlashicha, u “Deutsch Motors” ishida aksiyalar soxtalashtirilishidan bexabar bo‘lgan. 

– Mamlakat konstitutsiyaviy tuzumiga ko‘ra, hech kim qonundan ustun bo‘lolmaydi, -dedi prokurorlar hukm chiqarish bo‘yicha bahsda.

Ma’lumot o‘rnida: Kim Gon Xining turmush o‘rtog‘i, Janubiy Koreyaning sobiq rahbari Yun Sok Yol o‘tgan yilning dekabr oyida mamlakatda harbiy holat joriy etganidan so‘ng lavozimidan chetlatilgandi va u hozirda hibsda. Yun davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib sudlanmoqda, bu esa umrbod qamoq yoki hatto o‘lim jazosiga olib kelishi mumkin.

O‘.Alimov, O‘zA