Hokimiyatni suiiste’mol qilganlikda ayblanib qamoqxonada o‘tirgan Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Pak Kin Xe 31 dekabrda afv etiladi, deb ma’lum qildi mamlakat adliya vazirligi.
"Hukumatning 24 dekabrda bergan bayonotiga ko‘ra, 31 dekabrda, ya’ni 2022 yil ostonasida 3 ming 94 kishi, jumladan, sobiq prezident ham afv etiladi. Fuqarolarning birligini mustahkamlash uchun uzoq muddatli jazoni o‘tayotgan sobiq prezident Pak Kin Xe afv etiladi va haq-huquqlari qayta tiklanadi", – deyiladi vazirlik tarqatgan xabarda.
Juma kuni Yangi yil arafasida qator shaxslarni afv etish, jazosini yengillatish va vakolotini qayta tiklash masalalari bo‘yicha Janubiy Koreya hukumatining maxsus majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda sobiq prezident Pak Kin Xe ni afv etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Ryonxap agentligining yozishicha, joriy yilning o‘zida Pak Kin Xe yelkasi va belidagi surunkali og‘riq tufayli uch marta kasalxonaga tushgan. Xabarda aytilishicha, uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq holat afv etilishiga sabab bo‘lgan.
Pak Kin Xe 2017 yil mart oyida hokimiyatni suiiste’mol qilish va poraxo‘rlikda ayblanib prezidentlik lavozimidan chetlashtirilgan edi. U dugonasi Chxve Sun Sil bilan birgalikda Samsung va Lotte kompaniyalarini o‘zlari tashkil etgan fondga 77,4 milliard von xayriya qilishga majbur qilganlikda ayblangandi. Shuningdek, sobiq prezidenti va uning yordamchisi mamlakat razvedka xizmatining uchta sobiq rahbaridan 3,5 milliard von olganlikda ham ayblangan.
2018 yilda Pak Kin Xe 30 yilga qamoq jazosiga hamda 17 million dollar miqdorida jarima to‘lashga hukm qilindi. 2019 yilda Oliy sud ishni qayta ko‘rib chiqish haqida qaror chiqardi, shundan keyin 2020 yil iyul oyida Seul Oliy sudi qamoq jazosini 20 yilga kamaytirdi. 2021 yil yanvarda esa Janubiy Koreya Oliy sudi sobiq prezident uchun 20 yillik qamoq jazosini tasdiqladi. Bundan tashqari, Pak Kin Xe 180 milliard von miqdorida jarima hamda 35 milliard von miqdorida tovon to‘lashi kerak bo‘ladi.
Xabarda aytilishicha, sobiq prezident boshqa jinoyatlari bilan qo‘shib hisoblaganda umrining jami 22 yilini qamoqda o‘tkazishi kerak edi. U hozirgacha to‘rt yilu to‘qqiz oy qamoqda o‘tirdi.
Mazkur afv etish farmoni doirasida sobiq bosh vazir, Janubiy Koreyaning birinchi ayol bosh vaziri hisoblangan Xan Myon Sukning ham haq-huquqlari tiklanadigan bo‘ldi. U 2015 yilda xayriya mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib ikki yilga qamalgan edi. U shuningdek, Janubiy Koreya tarixidagi qamoq jazosiga hukm qilingan birinchi bosh vazir hisoblanadi