Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Janubiy koreyalik va surxondaryolik ishbilarmonlar o‘rtasida onlayn forum o‘tkazildi
16:37 / 2020-12-11

Koreya – O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi va Surxondaryo viloyati o‘rtasida videomuloqot shaklidagi biznes forum bo‘lib o‘tdi.

Mutasaddi davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, tadbirkorlar ishtirok etgan forumda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, Koreya–O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi direktorining birinchi o‘rinbosari Kim Chang Keon so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini tabrikladi.

Onlayn forumda so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo va investitsiya, turizm, madaniy va boshqa aloqalar, mamlakatlarimiz ishbilarmonlarining teng sheriklikka asoslangan o‘zaro hamkorligi yangi bosqichda rivojlanayotgani ta’kidlandi.  

Bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, o‘zaro aloqalarni mustahkamlash uchun 2019 yil 19-22 iyul kunlari Surxondaryo viloyati delegatsiyasi Janubiy Koreyaga xizmat safarida bo‘lib do‘st davlatning yirik ishbilarmonlari bilan 191 million dollarga teng beshta kelishuv memorandumi imzolangan edi. 

Shunga muvofiq Janubiy Koreyaning “Myung Sung Plakon” kompaniyasi bilan hamkorlikda Sherobod tumanida “Sherobod anor impeks” mas’uliyati cheklangan jamiyati anorni yetishtirishdan tortib, uning rangi, hajmi, pishiqligi, shirinligi va turlarga saralash, anor sharbati ishlab chiqarish hamda saqlashgacha bo‘lgan anorchilik klasterini tashkil etmoqda.  

Loyiha doirasida 4 million dollarga teng investitsiya o‘zlashtirilib, yuzdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.  Viloyatda Koreya texnologiyasi asosida 82 gektar yerda qiymati 25 million dollarga teng beshta zamonaviy issiqxona barpo etildi. Bu yiliga 6 million dollarlik eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish imkonini beradi.

Do‘st mamlakatning “NCG Engineering Co.Ltd” kompaniyasi bilan kelishuv asosida Sherobod tumanida qiymati 200 million dollarlik sement ishlab chiqarish loyihasi ruyobga chiqarilmoqda. Janubdagi vohani 2020-2022 yillarda rivojlantirish iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish uchun 11 trillion 784 milliard so‘mga teng 744 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilayotir. Mazkur loyihalarning ishga tushirilishi 13 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratadi. Bu jarayonda Janubiy koreyalik tadbirkorlarning ham ishtirok etayotgani ahamiyatlidir.

Ayni paytda viloyatda koreyalik sarmoyadorlar hamkorligida 7 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning ikkitasi o‘tgan yili va joriy yilning o‘tgan davrida tashkil etilgan. Ekologik toza, ertapishar va shirin ta’mi bilan ajralib turadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga boy vohada bir yilda 2,1 million tonnadan ortiq turli meva-sabzavot yetishtiriladi. Shuning qariyb 200 ming tonnasi eksport qilinadi. O‘tgan yili Koreyaga 223 ming dollarlik meva-sabzavot, 818,4 ming dollarlik yengil sanoat mahsulotlari eksport qilingan. Yakunlanayotgan yilning o‘tgan davrida 18,1 ming dollarga teng quritilgan meva-sabzavot, ipak va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi. Shuningdek, “Sariosiyo Gold Eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyati koreyalik hamkorlar bilan shartnoma tuzib, 2 million dollarlik anor va meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berishni mo‘ljallamoqda.

Surxon vohasi yerosti va yer usti tabiiy zaxiralariga boy, turistik salohiyati yuqori viloyat. Hududda biznes yuritish uchun juda qulay muhit mavjud. Afg‘oniston, Tojikiston va Turkmaniston bilan chegaradosh viloyatda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, yaqin qo‘shni davlatlarda ham o‘z biznesini yuritish imkoniyati keng. Tabiiy gaz, suv, elektr energiyasi, yo‘l kabi barcha infratuzilma bor. Mahalliy hokimlik sarmoyadorlarga qulayliklarni yaratishni kafolatlaydi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan vohaga xorijiy sarmoyadorlarni jalb etish, ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish uchun Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan chegardosh hududda “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi va “Termiz” xalqaro savdo markazi ham tashkil etildi.

Onlayn forumda Janubiy koreyalik ishtirokchilar viloyat hokimi o‘rinbosari A.Oripovning Surxondaryo vohasidagi investitsiya, eksport va turizm salohiyati haqidagi taqdimoti bilan yaqindan tanishdi. “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi direktori U.Sapiyev “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi va “Termiz” xalqaro savdo markazida yaratilgan imkoniyatlar haqida, “Sherobod anor impeks” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari A.Musoboyev anorchilik klasterida, “Surxonsanoatqurilish” kompaniyasi rahbari o‘rinbosari B.Ro‘ziyev sanoat va qurilish klasterida amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha ma’lumot berdi. Seul shahridagi “Sejong” universitetida biznes boshqaruvi va turizm menejmenti yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olib kelgan uzunlik yosh tadbirkor M.Yakubov koreyalik ishtirokchilar bilan hududga sarmoya kiritib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar to‘g‘risida fikr almashdi.  

Forum ishtirokchilarning ikki tomonlama o‘zaro muzokaralari bilan yakunlandi.  

[gallery-382]

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA