Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Janubiy Koreyada kuchli yomg‘ir 4 kishini hayotdan olib ketdi
11:54 / 2025-07-18

Janubiy Koreyada uch kundan beri davom etayotgan kuchli yomg‘ir oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi, bir fuqaroning taqdiri noma’lum, 5 000 dan ko‘p odam evakuatsiya qilindi. Bu haqda "Yonhap" agentligi xabar bergan.

Juma kuni ob-havo xizmati mamlakat bo‘ylab kuchli yog‘in davom etishidan ogohlantirdi. Tabiiy hodisalar oqibatini yumshatish va xavfsizlik bo‘yicha bosh shtab ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlarning aksari mamlakatning markaziy va janubiy hududlari, xususan Janubiy Chxungchxon provinsiyasida kuzatilgan.

Bugun tonggi soat 6.00 gacha 13 shahar va viloyatdan 5192 kishi xavfsizlik nuqtai nazaridan uyini tark etgan.

Jami 496 davlat mulki va 276 xususiy mulk ob’ekti zarar ko‘rgan. Jumladan, 328 yo‘lda toshqin qayd etilgan, 30 daryo to‘g‘oni o‘pirilgan.

Ikki yo‘lovchi paromi yo‘nalishi to‘xtatilib, yetti asosiy yo‘nalishda poyezd harakati cheklangan.

Jami 45 hudud elektr ta’minotidan uzilgan, 36 manzilda vaziyat o‘nglangan, qolganlarida tiklash jarayoni davom etyapti.

Hukumat kuchli yomg‘ir tufayli yetkazilgan zarar ko‘lami ortayotgani sababli payshanba kuni ob-havo bilan bog‘liq ogohlantirish darajasini eng yuqori darajaga ko‘tardi.

Shuningdek, shtab favqulodda vaziyatda harakatlanish tizimi eng faol darajasini e’lon qildi, barcha tegishli vazirlik, idoralarni tabiiy ofatga to‘liq tayyor turishga safarbar etdi.

Koreya meteorologiya boshqarmasi payshanba va juma kunlari janubdagi Kvanju, Pusan va Ulsan shaharlarida qo‘shimcha 100-200 mm, markaziy Chxungchxon va Shimoliy Cholla muzofoti, shuningdek Tegu va Shimoliy Kyonsan provinsiyasida 50-150 mm yomg‘ir yog‘ishini bashorat qilmoqda.

M.Pirmatova, O‘zA