Janubiy Koreyaning yirik kriptobirjasi - “Bithumb” bosh direktori Li Jey Von kompaniya tomonidan 60 trillion von (41,2 mlrd AQSH dollar) miqdoridagi bitkoin foydalanuvchilar hisobiga tasodifan o‘tkazib yuborilgani uchun parlamentda rasman uzr so‘radi. Bu haqda “Yonhap” axborot agentligi yozmoqda.
Ta’kidlanishicha, reklama aksiyasi vaqtida balansdagi real miqdordan ko‘proq token anglashilmovchilik tufayli tarqatib yuborilgan bo‘lishi mumkin. Xato 40 daqiqa ichida tuzatilgan bo‘lsada, shu vaqt oralig‘ida ayrim foydalanuvchilar tokenlarni sotishga ham ulgurgan. Natijada platformada bitkoin narxi qisqa muddatga pasayib ketgan.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 1 788 dona bitkoin sotib yuborilgan va umumiy zarar qariyb 1 milliard vonni tashkil etadi. Ayniqsa, kriptovalyuta kredit xizmatidan foydalangan 30 ga yaqin mijoz majburiy likvidatsiyaga uchragan.
“Bithumb” rahbari barcha zarar ko‘rgan foydalanuvchilarga kompensatsiya to‘lanishiva shikoyatlar asosida yordam ko‘lami kengaytirilishini bildirdi.
Moliyaviy nazorat organlari esa bu voqeadan so‘ng boshqa kriptobirjalarda ham tekshiruv boshladi. Rasmiylar kripto-platformalarning ichki nazorat tizimi banklar darajasiga tenglashtirilishini ta’kidladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA