Markaziy Osiyo xalqaro institutida Bosh kotib Sung-Xun Chje boshchiligidagi Janubiy Koreya – Markaziy Osiyo hamkorligi bo‘yicha ekspertlar forumi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Koreya tomonidan Xankuk xorijiy tillar universiteti (HUFS) Markaziy Osiyo tadqiqotlari kafedrasi mudiri Li Ji Yong, Xalqaro iqtisodiy siyosat instituti (KIEP) eksperti Pak Chung Xo, Milliy birlashuv instituti (KINU) vakili Xyun Seung Su va boshqalar ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida Janubiy Koreya hukumati doiralari ustuvor yo‘nalishlarda Markaziy Osiyo davlatlari bilan sheriklikni mustahkamlashdan manfaatdorligi ta’kidlandi.
Delegatsiya rahbari Sung-Xun Chje ta’kidlaganidek, “ushbu xorijlik mutaxassislar Koreyaning turli tahlil markazlari vakili bo‘lishiga qaramay, mintaqamiz bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida birlashdilar”.

Sung-Xun Chje Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatning aniq, amaliy imkoniyatini muhokama qilish, istiqbolni aniqlash maqsadida samarali muzokarani davom ettirish zarurligini alohida ta’kidladi.
Tomonlar “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formatidagi hamkorlik kun tartibi bo‘yicha yangi taklif, tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo ekspertlari forumini tashkil etish masalasini ham muhokama qildilar.

Yakunda ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va tahlil markazlari o‘rtasida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar ko‘lamini kengaytirishga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo hamkorligi masalalarini o‘rganish maqsadida Xankuk tashqi tadqiqotlar universiteti huzuridagi Yevrosiyo tadqiqotlari markazida Janubiy Koreya – Markaziy Osiyo hamkorligi bo‘yicha ekspertlar forumi tashkil etilgan.

G‘.Xonnazarov, O‘zA