Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isiba bilan bo‘lib o‘tgan sammit chog‘ida Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon kun chiqar mamlakat yetakchisini global savdo sharoiti o‘zgarib borayotgan bir paytda yaqinroq hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga chaqirdi. Bu haqda “Ryonxap” yozgan.
— Global savdo va xavfsizlik tartibi o‘zgarishda davom etarkan, o‘ylaymanki, o‘xshash qadriyat, tuzilma va mafkuraga ega Koreya Respublikasi va Yaponiya hamkorlikni har qachongidan kuchaytirishi kerak, — deya rahbarning so‘zlarini keltirgan agentlik.
Xabarda aytilishicha, Sigeru Isiba Li Chje Myonni qo‘llab-quvvatlab, Yaponiya, Janubiy Koreya va AQSH hamkorligini mustahkamlash juda muhimligini ta’kidlagan.
Ikki qo‘shni davlat yetakchilari KXDR yadrosizlanishiga erishish va AQSH bilan uch tomonlama sheriklikni mustahkamlash niyatini yana bir bor tasdiqlagan.
— Koreya yarim oroli to‘liq yadrosizlanishi va doimiy tinchlik o‘rnatilishi tarafdori ekanimizni yana bir bor tasdiqladik, Shimoliy Koreyaga nisbatan siyosatni yaqindan muhokama qilishga kelishib oldik, — degan Li Chje Myon matbuot anjumanida.
U Tokioga tashrifini “kelajakka qaratilgan munosabat asosini mustahkamlash imkoniyati, deb atadi. Bu yil o‘zaro diplomatik aloqa o‘rnatilganiga 60 yil to‘ladi.
Iyun oyi boshida lavozimga kirishgan Janubiy Koreya yangi Prezidenti Yaponiyadan Vashingtonga yo‘l oldi. Ma’lum qilinishicha, AQSH yetakchisi Donald Tramp bilan uchrashuv Oq uyda bo‘lib o‘tadi. Rahbarlar yarim o‘tkazgich, akkumulyator va kemasozlik sohalariga oid oy boshida erishilgan savdo kelishuviga asoslanib, sanoat hamkorligini muhokama qilishi kutilyapti.
Ta’kidlanganidek, Li Chje Myon ilk rasmiy tashrifi uchun Yaponiyani tanlashi biroz g‘ayrioddiy ko‘rinadi. Zero, Janubiy Koreya yetakchilari lavozimga kirishgandan keyin, odatda, birinchi boriladigan mamlakat sifatida AQSH tanlanardi.
S.Rahimov, O‘zA